Ko‘hitangda jayronlar sayr qilmoqda (+video)
Sherobod tumanidagi “Surxon” davlat qo‘riqxonasining “Vandob” bo‘limi fotoqopqonida jayron ko‘rinish berdi.
Bu haqda O‘zAga xabar bergan Surxondaryo viloyati ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil tashkil etilganiga 40 yil to‘layotgan qo‘riqxonada tabiat jonkuyarlari birinchi marta noyob jonivorni kuzatgan. Bu holat Ko‘hitang tog‘ tizmasining sharqiy yonbag‘irida joylashgan qo‘riqxonada keyingi yillarda shakllangan qulay tabiiy muhit samarasi ekani va o‘n bosh jayron qo‘shni Turkmaniston hududidan qo‘riqxonaga tabiiy ko‘chib o‘tgani aytilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobi va Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi Qizil ro‘yxatiga kiritilgan jayronlar muhofazaga muhtoj hayvon turlaridan biri sanaladi. Mutaxassislarning fikricha, qumli sahro, yarim cho‘l va tog‘oldi adirlarida yashaydi. Suvsizlikka juda chidamli jonivor. Turli cho‘l o‘simliklari bilan oziqlanib, o‘ziga kerakli namlikni iste’mol qilgan o‘simliklardan oladi.
Ayni paytda “Surxon” davlat qo‘riqxonasida uchraydigan 200 ga yaqin hayvonning qariyb 30 turi O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Zeirm7sV2Eg" title="Ko‘xitangda jayronlar sayr qilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri