Kogonda madaniyat markazi ochildi
Kogon tumani, “Kogon” mahalla fuqarolar yig‘inida 15-sonli madaniyat markazi qisqa muddat ichida qayta mukammal ta’mirdan chiqarilib, foydalanishga topshirildi. Loyihaga mahalliy byudjet hisobidan 800 million so‘m mablag‘ sarflandi.
“Invest stroy” MCHJ quruvchilarining sa’y-harakati bilan qayta chiroy ochgan mazkur markazda musiqa va san’atga ixlosmand barkamol avlod uchun raqs, an’anaviy cholg‘u asboblari, doirachilar to‘garaklari faoliyat yuritadi. Tuman hokimligi, ma’muriy sektor amaliy ko‘magida homiylik mablag‘i asosida qayta ta’mirdan chiqarilib, zaruriy jihozlar bilan ta’minlangan madaniyat markazi bugun yuzga yaqin yosh avlod vakilini qamrab olmoqda. Shuningdek, markazda 60 o‘rinli kino zal ham mavjud.
[gallery-20454]
Markazni ochilish tadbirida so‘z olganlar aholi, jumladan, yoshlar o‘rtasida madaniyat va san’atni keng targ‘ib etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, iste’dodli yigit-qizlarni tarbiyalashda o‘z o‘rniga ega bo‘lishini ta’kidladi. “Kogon” mahalla fuqarolar yig‘ini husniga ko‘rk qo‘shayotgan ushbu maskan quruvchi-binokorlariga alohida minnatdorlik bildirildi. Ramziy lenta qirqilgach, yig‘ilganlar markazda madaniyat xodimlari, yosh musiqa va san’atsevarlar uchun yaratilgan sharoit bilan tanishdi.
Tadbir ishtirokchilari markaz hududidagi yer maydonida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mevali va manzarali ko‘chatlar o‘tqazib, mo‘’jazgina bog‘ uchun zamin ham hozirladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri