Tarixning o‘qilmagan sahifalari
Tarixdan ma’lumki, Samarqand Sug‘dida Afrosiyob, Quldortepa, Kofirqal’a, Ishtixon, Qushoniya, Robinjon va Dobusiya kabi katta-kichik qadimgi shaharlar mavjuddir. Bu shaharlarning ichida Kofirqal’a shaharchasining alohida o‘rni bor.
Kofirqal’a shaharchasi – Darg‘om kanalining chap qirg‘og‘ida, Afrosiyobning janubiy tomonida, Samarqanddan 18 kilometr janubda joylashgan. Shaharning umumiy maydoni 16 gektar bo‘lib, ark, shahriston va raboddan iborat. Ark kvadrat shaklida bo‘lib, o‘lchamlari 76x76 metr, balandligi 25 metrni tashkil etgan. Shahriston ham to‘rtburchak shaklida bo‘lib tomonlari 360 metrdan. Rabodning katta qismi hozirda ekin maydoniga aylantirilganligi uchun uning aniq hajmi noma’lumdir.

Ushbu yodgorlikda 1991 yildan buyon, dastlab Ya.G‘ulomov nomidagi arxeologiya institutining arxeologik otryadi, so‘ngra O‘zbekiston-Italiya xalqaro qo‘shma ekspeditsiyasi, hozir esa O‘zbekiston-Yaponiya xalqaro qo‘shma ekspeditsiyasi olimlari hamkorlikda qazishma olib bormoqda. Hozirgacha asosiy arxeologik qazishmalar shahar arkida olib borildi.
Ark uncha baland bo‘lmagan tabiiy tepalik ustida joylashgan bo‘lib, atrofi mustahkam mudofaa devorlari bilan o‘ralgan, to‘rt burchagida 4 ta minorasi bo‘lgan. Arkning ichiga uning janubiy tomonida barpo qilingan osma ko‘prik orqali kirilgan, atrofida chuqur xandaq qazilgan bo‘lib, unda hamisha suv turgan.
Qariyb o‘n yildan ortiq vaqt mobaynida Arkning ichidan ayvon, hashamatli zal, hukmdor o‘tirishiga mo‘ljallangan taxtxona va boshqa inshootlar o‘rganildi. Arkda saqlangan madaniy qatlamlar asosan uch davrga mansub bo‘lib, birinchi davr VII-VIII asrlarga, ikkinchi davr VIII asrning ikkinchi yarmiga, uchinchi davr X-XII asrlarga oiddir.
Arkning birinchi qurilish davri, yuqorida aytganimizdek VII asr oxiri - VIII asrning birinchi yarmiga mansub. Bu davrda Kofirqal’a Arki gumbazsimon yo‘lakli devor bilan o‘ralgan saroy tarzida, o‘ta mustahkam monumental inshootga aylangan.

Yo‘g‘on yog‘och ustunlar esa daraxtdan yasalgan tagkursilar ustiga o‘rnatilgan. Qazishmalar jarayonida Arkning ichi nihoyatda boy va rang barang yog‘och o‘ymakorligi bilan bezatilgani ma’lum bo‘ldi. Ularda inson shakllari bilan birga har xil o‘simliklar va nafis geometrik naqshlar ham ishlangan.
Sug‘d hukmdorlarining muhri – bullasi bo‘lgan
Kofirqal’a Arkining birinchi qurilish davrini qazish paytida juda ko‘plab noyob osori-atiqalar qo‘lga kiritildi. Shulardan biri loydan yasalgan bullalardir (bulla – muhr, hukmdor yoki amaldor muhrining loydagi nusxasi). Bullalar o‘ta noyob arxeologik topilma bo‘lib, ular ko‘pincha, hukmdor yoki yirik amaldorlarga aloqador yodgorliklarda uchraydi .

Odatda, teri yoki qog‘ozga yozilgan hujjat rulon shaklida o‘ralib, ma’lum joyidan teshilgan. Teshikdan ip o‘tkazib, ipning ikki uchi pishitilgan xom loyda birlashtirilgan. So‘ngra loyga muhr bosilgan. Loy qurigach esa hujjat kerakli manzilga jo‘natilgan. Har bir bullada muayyan tasvir bo‘lgan.
Qofirqala’adan topilgan bullalarda odamlar tasviri, hayvonlar va qushlar tasviri, tamg‘a yoki har xil geometrik tasvirlar tushirilgan. Odam boshi tasvirlangan bullalarda yozuv bitilgan bo‘lib, tasvir anchayin aniq ifodalangan. Ushbu bullalarni tahlil qilgan olimlarning fikricha, bu tasvirlarda hukmdor, vazir va yirik amaldorlarning qiyofasi aks ettirilgan.
Kofirqal’adan topilgan bullalarni o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, VII-VIII asrlarda Samarqand Sug‘dida yashagan ajdodlarimiz dunyoning turli tomonlaridagi hukmdorlar bilan elchilik, siyosiy, madaniy va iqtisodiy aloqalar olib borgan.
Pokistondagi Peshovar shahrida o‘tkazilgan arxeologik qazishmalar jarayonida bir noyob bulla topilgan edi. Fransuz arxeologlari ushbu bulla aynan Samarqanddan, Kofirqal’adan jo‘natilgan degan xulosaga kelgan.
Panno taxtadan yasalgan
Kofirqal’aning birinchi qurilish davriga oid madaniy qatlamdan topilgan yog‘och panno haqida ham alohida to‘xtalmoq lozimdir.
Kofirqal’adan topilgan yog‘och panno – Sug‘d san’atining noyob namunasi hisoblanadi. Panno ikkita keng va qalin taxtani temir mixlar bilan o‘zaro birlashtirishdan hosil bo‘lgan. Pannoning sirtida har xil liboslarda, qo‘llariga turli xil asboblar, buyumlar va sovg‘a-salomlar ushlab olgan yuzlab odamlarning shakllari o‘yib ishlangan. Ushbu kompozitsiyaning asosiy syujeti – ma’budaga sig‘inish, sovg‘a-salomlar ehson qilish sahnasidan iboratdir.
Pannoning yuqori qismida, bemalol yotib olgan sher ko‘rinishidagi oltin taxt ustida o‘tirgan ma’buda Nana tasvirlangan. Ma’budaning boshida qanotli toj, bir qo‘lida esa aso, ikkinchi qo‘lida qandaydir buyumni ushlab turibdi.
Shuningdek, pannoda marosim paytida “Avesto” muqaddas kitobidan madhiyalarni musiqa jo‘rligida ko‘ylayotgan sozandalar va ularning musiqa asboblari aks ettirilgan. Sozandalarning qo‘llarida o‘sha davrda Sug‘dda keng tarqalgan chiltor, ud, qo‘bizcha, nog‘ora, sibizg‘a kabi musiqa asboblari mavjud. Ushbu musiqa asboblarining aksariyati Sug‘d sozandalari bilan birga Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab Xitoy, Yaponiya va Koreya kabi davlatlarga borgan va u yerlarda mashhur bo‘lgan.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Yaponiyaning Nara shahridagi qadimgi ibodatxonada VII-VIII asrlarda yapon imperatoriga keltirilgan qimmatbaho sovg‘alar kolleksiyasida ikkita musiqa asbobi ham saqlanadi. Shu paytga qadar yapon olimlari ushbu musiqa asboblarini qayerdan keltirilganligini bilmay hayron edilar.

Kofirqala’adan topilgan pannoda aynan Yaponiyadagi musiqa asboblariga o‘xshash asboblar tasviri mavjud edi. Shundan so‘ng yapon olimlari o‘zlarida saqlanayotgan ikki musiqa asbobi aynan VII-VIII asrlarda Samarqanddan olib borilganligini tan oldilar. Ushbu noyob panno 2022 yilning kuzida Fransiyadagi mashhur Luvr muzeyida jahonga namoyish etiladi.
Ark ochiq osmon ostidagi muzey bo‘lishi kerak
Tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, Kofirqal’a arki VIII asrning boshlarida yondirib yuborilgan. Shu tariqa juda boy va rang-barang devoriy suratlar, yog‘och o‘ymakorligi bilan bezatilgan saroy, dunyoning turli tomonlaridan olib kelingan noyob hujjatlar, yozishmalar yo‘qolgan.
Ark ancha vaqt mobaynida xaroba ahvolda yotgan, VIII asrning o‘rtalariga kelib kulto‘dalar tekislanib yana yangi inshootlar barpo qilingan. Endi bu yerga ko‘chib kelgan aholi Islom dinini qabul qilgan edi.. Buni Abbosiylar sulolasining birinchi xalifasi Abul-Abbos as-Saffoh hukmronligi davrida, hijriy 135 yili (milodiy 753 yil) zarb etilgan oltin tanga ham ko‘rsatib turibdi. Bundan tashqari, Kofirqal’aning ikkinchi qurilish davriga oid Abbosiylarning yuzdan ortiq kumush tangalari ham topilgan.
Bu qurilish davri ham unchalik ko‘p yashamadi, IX asrning boshlarida kelib vayron qilingan. Oradan yillar o‘tib, X-XIII asrlarda Kofirqal’a Arkida yana odamlar istiqomat qilganliklari ma’lum bo‘ldi. Ammo, bu asrlarda kurilgan yangi inshootlar unchalik mustahkam bo‘lmagan.
Kofirqal’a shaharchasi o‘z mahobati, me’morchilik yechimlari bilan Buxoro viloyatida saqlangan, Buxoro hukmdorlarining qarorgohi Varaxsha yodgorligiga juda o‘xshaydi. X asrda Samarqandga tashrif buyurgan arab geografi ibn Xavqalning yozishicha, Samarqand hukmdorlarining shahar chekkasidagi qarorgohi Rivdad degan manzilda bo‘lgan. Sayyoh bu yerga tashrif buyurganida Rivdad anchayin xaroba holda yotgan. Xitoy yilnomalarida yozilishicha, Samarqand hukmdorlari bu yerga kelib Navro‘z va Mehrjon bayramlarini nishonlaganlar. Bunday bayramlarda hukmdorga qimmatbaho sovg‘a-salomlar in’om etilgan. Shuningdek, manbalarda bu yerda ajdodlar ruhiga bag‘ishlangan yirik ibodatxona mavjud bo‘lib, yilning oltinchi oyida ajdodlar ruhiga bag‘ishlab qurbonliklar qilingani bayon etilgan.
Kofirqal’a VIII asrning boshlarigacha Samarqand hukmdorlarining shunchaki oddiy qarorgohi bo‘lmay, balki bu yerda alohida umumdavlat ahamiyatiga molik tantanalar, marosimlar, bayramlar hamda qabullar o‘tkaziladigan muhim maskan bo‘lgan.
Shu sababli ushbu yodgorlikni alohida e’tibor bilan saqlash, uni ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirish va shu orqali ilk o‘rta asrlardagi Samarqand hukmdorlari saroyining asl holatini sayohlarga namoyish qilish maqsadga muvofiq bo‘lardi. Shu kunlarda Kofirqal’ada italiyalik hamkasblar bilan hamkorlikda arxeologik tadqiqotlar olib borilmoqda. Yangi kashfiyotlar hali oldinda.
Amriddin BERDIMURODOV,
Ya. G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya
institutining yetakchi ilmiy xodimi,
Kofirqal’a ekspeditsiyasi rahbari
O‘zA.