Ko‘chmas mulkka taqiq qo‘yilgan bo‘lsa ham kadastr hujjatlarini yangilash mumkinmi?
Ko‘chmas mulkka nisbatan taqiq mavjudligi har doim ham kadastr hujjatlarini yangilash uchun ariza berish imkoniyati yo‘qligini anglatmaydi.
Davlat kadastrlari palatasi tomonidan “UZKAD” axborot tizimida yangi imkoniyat joriy etildi. Davlat kadastrlari palatasi matbuot xizmatiga ko‘ra, endi vakolatli organlarning rozilik xati asosida mulkka qo‘yilgan taqiq saqlanib turgan holda ham kadastr hujjatlarini yangilash uchun ariza berish mumkin.
Bu o‘zgarish, ayniqsa, hujjatlarini yangilashi zarur bo‘lgan, biroq mulkiga nisbatan taqiq mavjudligi sababli tegishli jarayonni boshlay olmayotgan fuqarolar uchun ahamiyatli.
Ko‘chmas mulkni boshqa shaxsga o‘tkazishni taqiqlashga oid ma’lumotlar elektron ma’lumotlar bankiga Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-avgustdagi 468-son qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida kiritiladi.
Bunday taqiqlar sud, prokuratura, tergov organlari, Majburiy ijro byurosi, notariuslar, soliq organlari, Davlat kadastrlari palatasi ro‘yxatdan o‘tkazuvchilari, banklar va boshqa kredit tashkilotlari tomonidan kiritilishi mumkin.
Masalan, mulkka nisbatan sud yoki ijro ishi doirasida cheklov qo‘yilgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, soliq qarzdorligi sababli mol-mulk xatlanganda ham uni tasarruf etishga doir cheklovlar yuzaga keladi.
Yangi imkoniyat mulkni erkin sotish yoki boshqa shaxsga o‘tkazish mumkinligini anglatmaydi. U vakolatli organning rozilik xati asosida kadastr hujjatlarini yangilash uchun ariza berish imkonini nazarda tutadi.
Bunda quyidagi talablarni hisobga olish muhim: agar ko‘chmas mulk ipotekada bo‘lsa, “Ipoteka to‘g‘risida”gi qonunning 9-moddasiga muvofiq bankning roziligi yoki ruxsati talab etiladi.
Agar mol-mulk soliq organi tomonidan qisman xatlangan bo‘lsa, unga egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish soliq organining ruxsati bilan amalga oshiriladi.
Taqiqni kiritgan vakolatli organning rozilik xati kadastr hujjatlarini yangilash jarayonida muhim asos bo‘lib xizmat qiladi. Demak, ko‘chmas mulkka taqiq qo‘yilgan bo‘lsa, uning sababini aniqlash va tegishli vakolatli organning roziligini olish zarur. “UZKAD” tizimidagi yangi imkoniyat kadastr hujjatlarini yangilash jarayonini yengillashtiradi, biroq mulkka nisbatan mavjud cheklovlarni o‘z-o‘zidan bekor qilmaydi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA