Yurtimizda yer uchastkalari ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibini joriy etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bunda “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
2022 yilning 14 fevralida Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi qarori qabul qilinib, qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Navoiy viloyatida 319,2 gektarga teng 3179 ta bo‘sh yer uchastkasi “Yerelektron” AAT dasturiga kiritilgan.
– Davlat kadastrlari palatasi tomonidan esa 2682 ta bo‘sh yer uchastkasiga ijobiy xulosalar berilgan bo‘lsa, 492 ta yer uchastkasiga qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan hamda bo‘sh bo‘lmaganligi sababli takliflar rad qilingan, – deydi Davlat kadastrlari palatasi Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i Mansur Nosirov. – Yakunlangan yilda “Yerelektron” AAT dasturiga kiritilgan bo‘sh yer uchastkalardan jami 1952 ta – qariyb 203,6 gektar bo‘sh yer uchastkalari elektron onlayn auksion savdolariga chiqarilgan. Shundan 557 ta bo‘sh yer uchastkasi yuridik hamda jismoniy shaxslar tomonidan 20,75 milliard so‘mga realizatsiya qilingan.
Davlat kadastrlari palatasi Navoiy viloyati boshqarmasi va tuman (shahar) filiallariga 2022 yil davomida 1566 ta murojaat kelib tushgan va ularning 872 tasi qanoatlantirilib, 694 tasiga huquqiy tushunchalar berilgan.
– Boshqarmaga 531 ta jismoniy va 50 ta yuridik shaxslardan murojaat kelib tushgan, – deydi M.Nosirov. – Kelib tushgan murojaatlarning 473 tasi Prezident virtual qabulxonasi orqali, 11 tasi Bosh prokuratura “Ishonch telefoni” orqali, 64 tasi Kadastr agentligi va Kadastrlar palatasi orqali yo‘llangan bo‘lsa, 7 tasi xotin-qizlar muammolari bo‘yicha va 26 tasi boshqa tashkilotlar orqali yo‘llangan. Murojaatlarning 356 tasi ijobiy hal etilib, 225 tasiga tushunchalar berilgan.
Murojaatlarning asosiy qismini yer ajratish, kadastr hujjati tayyorlash, mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish masalalari tashkil etadi.
bugungi kunda Navoiy viloyati bo‘yicha jami 281 ming 545 ta ko‘chmas mulk ob’ekti aniqlangan bo‘lib, ularning 81 ming 571 tasi kvartira, 172 ming 637 tasi yakka tartibdagi turar joylar va 27 ming 337 tasi noturar joy ob’ekti hisoblanadi.
– Mavjud ko‘chmas mulk ob’ektlarining 197 ming 283 tasiga bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lib, 84 ming 262 ta ko‘chmas mulk ob’ektiga bo‘lgan huquqlar yo‘qligi yoki mulk egalari ariza bermaganligi sababli davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan, – deydi M.Nosirov. – Shuningdek, 2022 yil davomida 3 ming 455 ta yakka tartibdagi turar joylar, 5 ming 241 ta kvartira va 1 ming 566 ta noturar joy ob’ektlariga kadastr hujjatlari tayyorlab berilgan bo‘lsa, 5 ming 39 ta ko‘chmas mulk ob’ektiga manzil berildi.
Eslatib o‘tamiz, viloyatda ko‘chmas mulk ob’ektlari soni 2022 yilda 2021 yilga nisbatan 15 ming 786 taga ko‘paygan.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA