Ko‘chatni ekish emas, ko‘kartirish muhim
Mamlakatimizda har yili 200 million tup daraxt va buta ekib, yashillik miqyosini 2030 yilgacha 30 foizga yetkazish belgilangan. So‘nggi yillarda bu borada amalga oshirilgan ishlar, “Yashil makon” umummilliy loyihasining hayotga tatbiq etilishi natijasida yashillik ko‘rsatkichi 12 foizga yetdi.
Samarqand viloyatida ham yiliga 17 million tupdan ortiq ko‘chat ekilib, yangi bog‘lar, yashil belbog‘lar yaratilmoqda. Viloyatning yashillik darajasi oshirilmoqda.
Jumladan, joriy yil bahorgi mavsumda viloyat bo‘yicha 11 million 609 ming tup ko‘chat o‘tqazildi. Samarqand, Jomboy va Payariq tumanlarida 7,2 gektar maydonda “Yashil bog‘”lar, Samarqand shahri, Samarqand va Toyloq tumanlarida esa 3,2 gektar maydonda “Yashil belbog‘”lar tashkil etildi. Viloyatning barcha tuman va shaharlarida jami 10,5 gektar maydonda 16 ta “Hokimlik bog‘i” barpo qilindi.
Ekilgan ko‘chatlarni parvarish qilish va sug‘orish maqsadida 60 kilometr sug‘orish tarmoqlari tortilib, 36 ta yer osti suv quduqlari ishga tushirildi hamda sug‘orish uchun 40 ta maxsus texnika jalb etildi.
Kuzgi mavsumda viloyat bo‘yicha 6 million 125 ming tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish rejalashtirilib, ayni paytda bu ish barcha hududlarda qizg‘in davom etmoqda.
[gallery-20481]
– Ko‘chat ekishni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish uchun boshqarmamiz va uning hududiy bo‘limlari, barcha tashkilotlar tomonidan zarur chora-tadbirlar belgilangan, – deydi Samarqand viloyati ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i To‘raxon Hoshimov. – Avvalo, viloyatdagi 10 ta o‘rmon xo‘jaligi va xususiy sektorda 13,5 million tup ko‘chat zaxirasi yaratilgan. Ushbu ko‘chatlar har bir hududning tabiiy-iqlim sharoitidan kelib chiqib, sug‘orish tizimi yaratilgan holda belgilangan joylarda o‘tqazilmoqda. Kuzgi mavsumda ham “yashil belbog‘”lar, “yashil jamoat parklari”, hokimlik bog‘lari yaratish, yo‘l yoqalari, ariq va kanallar bo‘yidagi bo‘sh yerlarda daraxt ko‘chatlari ekishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Samarqand shahar, Urgut, Narpay, Nurobod va Jomboy tumanlarida jami 21,2 gektar maydonda “Yashil bog‘”lar, Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlari hamda Toyloq, Samarqand va Oqdaryo tumanlarida 6,4 gektar maydonda “Yashil belbog‘”lar tashkil etilmoqda. Bu gal tuman va shaharlar hokimliklari tomonidan 10 gektar maydonda “Hokimlik bog‘i” hamda 17 gektar maydonda “Yashil jamoat parki” barpo etiladi.
Atrof-muhitga ta’siri xavfli 56 ta sanoat korxonasi tomonidan 49 ming tup hamda 13 ta chiqindi poligoni atrofida 14 ming 500 tup manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, “Yashil belbog‘”lar barpo etishga kirishildi.
Yuqoridagi tadbirlarda ekilgan ko‘chatlarni parvarish qilish va sug‘orish maqsadida 56 kilometr sug‘orish tarmoqlari tortilib, 32 ta yer osti suv quduqlari ishga tushiriladi hamda sug‘orish uchun maxsus texnikalar jalb etiladi.
– Atmosfera havosi tarkibi 78 foiz azot, 20 foiz kislorod va boshqa zararli gazlardan iborat bo‘lsa, ularga yana turli xil korxona va tashkilotlardan chiqayotgan gazlar qo‘shilib, atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, – deya so‘zida davom etadi T.Hoshimov. – Daraxtlar, yashillik esa ana shu zararli gazlar ta’sirini kamaytirib, havodagi kislorod miqdorini oshirishga yordam beradi. Shuning uchun har bir hududda ko‘chat ekishda bargli va igna bargli daraxtlar tanlab, o‘z o‘rnida o‘tqazishga e’tibor qaratilmoqda. Masalan, igna bargli daraxtlar ko‘proq tog‘li hududlarda ekilayotgan bo‘lsa, shaharlar va ko‘cha yoqalarida bargli daraxt ko‘chatlari o‘tqazilmoqda. Chunki, bargli daraxtlar igna barglilarga nisbatan ikki barobar ko‘p kislorod ishlab chiqaradi, havodagi zararli gazlar ta’sirini kamaytiradi. Aholi yashash manzillari, mahallalarda esa mevali daraxtlar, tut ko‘chatlari ekilmoqda. Umuman, endilikda har bir daraxt ko‘chati o‘z xususiyatidan kelib chiqib, mos hududlardagina o‘tqazilmoqda.
Nurobod tumani hokimligi va obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan Sazag‘on massividagi Tepaqul mahallasida, A-378 yo‘li yoqasida 2,6 gektar yerda 2,2 ming tup manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, yashil belbog‘ yaratishga kirishildi.
– Bu joylarda suv ta’minoti qiyin bo‘lganligi sababli hudud iqlimiga mos ko‘chatlarni 70 santimetrdan kam bo‘lmagan chuqurlikda, unumdor tuproq solib ekyapmiz, – deydi Nurobod tumani obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Obid Tojiyev. – Shuningdek, tomchilatib sug‘orish tizimi yaratiladi. Tumanimizning boshqa hududlarida ham ko‘chat ekish chog‘ida ushbu masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Chunki, endilikda ko‘chatning qancha ekilgani emas, ko‘kargani muhim hisoblanadi.
Tumanning mazkur hududi – Sazag‘onda bugungi kunda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining o‘nlab korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Mazkur korxonalar tomonidan atrof-muhitga chang va zararli gazlar chiqarilishi ta’sirini kamaytirish maqsadida yashil belbog‘lar yaratishga e’tibor qaratilmoqda. Har bir ishlab chiqarish sub’ekti avvalo, o‘z korxonasi atrofida daraxt ko‘chatlari o‘tqazib, “Yashil makon” loyihasida ishtirok etmoqda.
Umuman, bugun Samarqand viloyatida umummilliy loyiha doirasida kuzgi ko‘chat ekish jarayonida son emas, sifatga e’tibor qaratilgan holda har bir ko‘chatning hisobini yuritish, parvarishlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilanmoqda. Ko‘chat ekish ishlarining kunlik monitoringi yuritilib, har hafta viloyat sektor rahbarlari tomonidan muhokama qilinyapti.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/gMVIgFVJ6pU?si=YVYV2cXQrEZYow5x" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>G‘.Hasanov, A.Isroilov (video, surat), O‘zA muxbirlari