Ko‘chat ekish xayrli tadbirlari davom etmoqda
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan ezgu an’ana – “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ko‘chat ekish ishlari Orolbo‘yida ham davom etmoqda.
Aksiya doirasidagi ishlarga O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi, shahar va tuman Kengashlari xodimlari, deputatlik guruhi vakillari, partiya faollari ham o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Yaxshi niyat bilan ko‘chat ekish, bog‘-rog‘lar yaratish ota-bobolardan kelayotgan yaxshi udumlardan, milliy qadriyatlardan biri hisoblanadi. Dunyo miqyosidagi global muammoga aylanib borayotgan ekologik vaziyatda yerga nihol qadash har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham hududni yashil makonga aylantirish maqsadida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekishda partiya vakillari, deputatlar ham ishtirok etmoqda.

– Agar har bir fuqaro, ovul va mahalla ahli, har bir korxona, muassasa, davlat va nodavlat tashkiloti xodimi ushbu ezgu ishga hissa qo‘shsa, yurtimizda yashil hududlar maydoni yanada kengayib, ekologik holat yanada yaxshilanadi, – deydi O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi apparat rahbari K.Artiqov. – Shunday ekan, ko‘chat ekib bog‘ yaratishga, atrof-muhitni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishga har birimiz imkon boricha hissa qo‘shishimiz darkor.
Aksiya doirasidagi xayrli ishlar davom etmoqda.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri