Ko‘cha bezorilari tergovda so‘roq qilinmoqda
Qorako‘llik ko‘cha bezorilari qonun oldida javob beradi. Bu haqida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Qorako‘l tumani IIB tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, 2022 yil 24 noyabr kuni soat taxminan 20:30 larda, Qorako‘l tumani “Yangibozor” mahallasida yashovchi bir guruh shaxslar Olot tumani “Xalifa” mahallasida joylashgan “Shirin bobo” to‘yxonasida jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, biror sababsiz Olot tumani “Chorbog‘” mahallasida yashovchi 1998 yilda tug‘ilgan fuqaro bilan o‘zaro kelishmovchilik natijasida janjallashadi.
Janjal vaqtida uning tanasiga qo‘l mushti bilan qasddan bir necha marotaba urib, oyoqlari bilan tepib unga sudga oid tibbiyot ekspertizasining xulosasiga ko‘ra bosh miya chayqalishi bilan davom etgan burun suyagining yopiq sinib siljishi, chap ko‘z yuqori va pastki qovoq sohasidagi qontalashlari, burun qirrasidagi shilinishlari, bo‘yin chap tomon va old yuzasidagi shilinishlari kabi jarohatlar bilan sog‘lig‘ining buzilishiga sababchi bo‘lgan yengil tan jarohatlarini yetkazib, bezorilik jinoyatini sodir qilgan.
Mazkur holat yuzasidan tuman IIB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 277-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA