KOʻCHMAS MULK: dolzarb savollarga aniq javoblar
Koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan bitimlar haqiqiy emas, deb hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Davergeodezkadastr qoʻmitasi matbuot kotibi Neʼmat Otamurodov ishtirokida oʻtkazilgan brifingda fuqarolarning dolzarb savollariga javob berildi.
SAVOL: koʻchmas mulkni oldi-sotdi qilganda kadastr pasportini olish majburiymi?
JAVOB: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan Koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan, Koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning vujudga kelishi, boshqa shaxsga oʻtishi, cheklanishi va bekor boʻlishi davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi kerak.
Koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan bitimlar haqiqiy emas, deb hisoblanadi.
Yaʼni, koʻchmas mulkni oldi-sotdi qilishdan oldin sotuvchining unga boʻlgan huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi. Bunda roʻyxatdan oʻtkazish uchun koʻchmas mulk obyektining oʻzi xatlovdan oʻtkazilib, kadastr yigʻma jildi shakllantirilgan va uning natijasi boʻyicha kadastr pasporti rasmiylashtirilgan boʻlishi kerak.
Agar sotilgan koʻchmas mulk obyektida hech qanday oʻzgarishlar amalga oshirilmagan boʻlsa (qayta qurish, rekonstruksiya, yer chegaralarini oʻzgarishi) nizomning 10 bandiga asosan, kadastr yigʻma jildi faqat koʻchmas mulk obyekti mulkdorining soʻroviga koʻra shakllantirilishi koʻrsatib oʻtilgan. Yaʼni, koʻchmas mulk oldin kadastr qilingan boʻlsa qayta shakllantirish majburiy emas.
SAVOL: Tugallanmagan bino uchun kadastr hujjatlari qilib beriladimi?
JAVOB: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-dekabrdagi qaroriga muvofiq qurilishi tugallanmagan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlar tegishli loyiha tashkiloti tomonidan ularning qurilishi boshlangani tasdiqlangan taqdirda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi mumkin.
Qurilishi tugallanmagan noturarjoy binolar va inshootlar, yer uchastkasiga boʻlgan huquq belgilangan, qurilishi qonun hujjatlariga muvofiq tasdiqlangan loyiha boʻlsa, qurilishi boshlanganligi sharti bilan davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.
Buning uchun siz davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ariza berishingiz mumkin.
SAVOL: togʻam ota-onasidan qolgan, hozirda oʻzi yashab kelayotgan hujjatsiz uyning bir qismini menga bermoqchi. Oʻsha yerdan uy qursam menga kadastr hujjatlari rasmiylashtiriladimi?
JAVOB: turar joyning yer uchastkasida qoʻshimcha qurilish uchun ruxsat faqat oʻsha uyning mulkdoriga beriladi.
Turar joyni oldi-sotdi qilish uchun avval mulkdorning oʻzi ushbu turar joyga kadastr pasportini rasmiylashtirib unga boʻlgan huquqni roʻyxatdan oʻtkazishi kerak. Soʻng ushbu turar joyni yoki uning bir qismini begonalashtirish mumkin.
SAVOL: otamning nomida 13 sotix yer bor. Yaqinda vafot etdi. Men shu uyni qay tartibda nomimga oʻtkazsam boʻladi?
JAVOB: koʻchmas mulk obyektini qayta qurish, rekonstruksiya qilish Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-maydagi qarori bilan tasdiqlangan maʼmuriy reglamentlarga asosan amalga oshiriladi.
Agar otangizning nomidagi uyga kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgan va unga boʻlgan huquq davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan boʻlsa, oʻrnatilgan tartibda notarial idorada meros ishi ochilib, meros haqidagi guvohnoma rasmiylashtiriladi.
Bunda kadastr maʼlumotlarini notarius oʻzi elektron tizim orqali oladi, meros haqidagi guvohnoma rasmiylashtirilganidan soʻng huquqni roʻyxatdan oʻtkazish uchun kadastr korxonasiga soʻrovnoma yuboradi. Huquq roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin reyestrdan koʻchirma taqdim etadi.
SAVOL: men geodeziya va kadastr ishlarini bajarish uchun MCHJ shaklidagi korxonaga litsenziya olmoqchi edim. Karantin cheklovlari davrida bu qanday amalga oshiriladi?
JAVOB: hozirda litsenziya olish uchun Elektron litsenziyalash portali orqali ariza berishingiz mumkin. Geodeziya yoki kartografiya faoliyatini amalga oshirish uchun tegishli hujjatlar qoʻmitaga taqdim qilingandan soʻng 20 kun ichida hujjatlar maxsus komissiya tomonidan koʻrib chiqiladi va ijobiy xulosa berilganda litsenziya olinadi. Komissiya salbiy xulosa bergan hollarda ekspertiza xulosasida koʻrsatilgan kamchiliklar bartaraf etilib qayta topshirilgandan soʻng 10 kun ichida qayta koʻrib chiqadi.
Litsenziya olish uchun koʻrib chiqish hamda davlat boji bilan qoʻshib hisoblanganda jami bazaviy hisoblash miqdorining 6 baravari miqdorida toʻlov qilinadi. Bu bugungi kunda 1 million 338 ming soʻmni tashkil etadi.
Litsenziyaning amal qilish muddati cheklanmagan.
SAVOL: Fargʻona viloyati Oltiariq tumanida meva-sabzavotchilik yoʻnalishida Yaponiyalik investorlar bilan qoʻshma korxona faoliyatini boshlamoqchi edik. Investitsiya kirituvchi xorijiy hamkorlar tomonidan yer maydonimizning tuproq tahlillari talab qilinmoqda. Surishtirsam, tuproq tahlillari chet el laboratoriyalarida 600-700 yevro evaziga tahlil qilinar ekan. Shu tahlillarni oʻzimizda qilishning imkoni bormi?
JAVOB: Davergeodezkadastr qoʻmitasi tizimida “Tuproqsifattahlil” davlat unitar korxonasi tomonidan tuproq, suv va oʻsimlik tarkibini tahlil qilish boʻyicha barcha xizmat turlari amalga oshiriladi. Korxona milliy va xalqaro akkreditatsiya tizimida roʻyxatdan oʻtgan va tegishli muvofiqlik sertifikatlariga ega. Ushbu laboratoriyaning tahlil natijalarini 160 dan ortiq davlat tan oladi va bu tahlil natijalarini xorijda qayta tahlil qildirishga hojat qolmaydi.