Koʻchma koʻrgazmada 200 dan ortiq eksponat namoyish etilmoqda
Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyida “Qoʻshtepa-2 tadqiqotlari rakursida qadim Fargʻona madaniyati” nomli koʻchma koʻrgazma tashkil etildi.
Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyida “Qoʻshtepa-2 tadqiqotlari rakursida qadim Fargʻona madaniyati” nomli koʻchma koʻrgazma tashkil etildi.
Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi hamda OʻzR FA Milliy arxeologiya markazi hamkorligidagi koʻrgazma dala tadqiqotlari natijalariga bagʻishlangan.
Koʻrgazmada Qoʻshtepa yodgorligida olib borilgan tadqiqotlar natijasida qoʻlga kiritilgan topilmalarning aksariyati – kulolchilik buyumlari, ayollar taqinchoqlari, koʻza, idish-tovoq va boshqalar namoyish etilmoqda.
Taʼkidlanishicha, Qoʻshtepa yodgorligi oʻz qarida 12 asrdan koʻproq uzluksiz hayot izlarini saqlab kelayotganligi aniqlangan. Yodgorlikning turli qatlamlarida qadimgi tosh va bronza davrlariga oid topilmalarning aniqlanishi, yaqin atrofda paleolit va Chust madaniyatiga tegishli manzilgohlarning mavjudligi yoki Qoʻshtepa tosh va bronza davrlariga oid manzilgohlar ustida qad koʻtarganligi shundan dalolat beradi.
Qoʻshtepa-2 koʻp qatlamli yodgorliklar sirasiga kirib, bu mavze oʻzlashtirilishi Eylaton va Shoʻraboshot madaniyatlari qorishuvi davridan boshlanadi hamda aynan shu asosida Dovon davlatining shakllanish jarayoni barq urgan.
Fargʻona vodiysida ziroatchilikning rivojlanishi Andijonsoy, Shahrixonsoy, Savayariq, Oʻzganariq, Qorasuv va boshqa sunʼiy sugʻorish tizimlarining milloddan avvalgi I ming yillik oʻrtalarida bunyod etish jarayonlari bilan bogʻliq.
Bu kabi keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari markazlashgan hokimiyat shakllanmasdan va uning rahnamoligisiz amalga oshmagan boʻlardi. Demak, xitoy solnomalaridan maʼlum boʻlgan Dovon davlatining shakllanishi ham shu davrlarda yoki bir oz oldin kechgan. Shu sababli bu davlatning shakllanishini miloddan avvalgi IV-III asrlar bilan sanalashi zarur yoki Dovon davlati fanga nomaʼlum davlatchilik asosida rivoj topgan deyish haqiqatga yaqin.
Shunday qilib, arxeologik tadqiqotlar natijasida Qoʻshtepa yodgorligida Fargʻona vodiysi tarixining deyarli barcha asosiy voqeliklari aks etganligini tasdiqlash mumkin.
– Qoʻshtepa yodgorligi Andijon viloyati Qoʻrgʻontepa tumani Qorasuv dahasida topilgan va oxirgi toʻrt yil davomida unda OʻzR FA Milliy arxeologiya markazi muzeyimiz bilan hamkorlikda rejali dala-tadqiqot ishlarini olib bormoqda, – dedi Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi direktori Ijtiyorjon Rasulov. – Poytaxtga olib kelingan koʻchma koʻrgazmada 200 dan ortiq eksponat bor. Aslida topilgan eksponatlar soni 5 mingdan ortiq. Arxeologlar eksponatlarni qayta tiklash boʻyicha ishlarni olib bormoqda. Koʻchma koʻrgazma ikki oy davomida Toshkent shahri aholisi va poytaxt mehmonlariga Qoʻshtepa yodgorligi haqida “soʻzlaydi”.