Ko‘chalarni quyosh batareyali chiroqlar yoritadi
Poytaxtimizning Pushkin maydonida quyosh batareyalaridan quvvat oluvchi svetodiodlar ishga tushirildi.
Poytaxtimizning Pushkin maydonida quyosh batareyalaridan quvvat oluvchi svetodiodlar ishga tushirildi.Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari R.Fayziyev, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining mamlakatimizdagi loyihalari koordinatori yetakchi maslahatchisi Xans Ulrix Im va boshqalar O‘zbekistonda Prezident Islom Karimov rahnamoligida qayta tiklanuvchi muqobil energiya manbalaridan foydalanishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
2015-yilda Namangan viloyatining Pop tumanida quvvati 130 kilovattga teng quyosh fotoelektr stansiyasi, umumiy quvvati yiliga 1200 kilovattga teng bo‘lgan avtonom quyosh stansiyalari ishga tushirildi. Hozirgi vaqtda Samarqand viloyatida quvvati 100 megavattga teng, Markaziy Osiyodagi eng yirik quyosh stansiyasini qurishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Quyosh batareyalarini ijtimoiy soha va ishlab chiqarish jarayonlariga o‘rnatish yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlikda «O‘zbekiston Respublikasida ekologik tashabbuslarni amalga oshirishga ko‘maklashish» loyihasi doirasida poytaxtimizdagi markaziy ko‘chalarda quyosh energiyasi asosida yoritishning namunaviy uskunalari joriy qilinmoqda.
Pushkin maydonida o‘rnatilgan quyosh energiyasi texnologiyalari asosidagi diodli chiroqlar buning amaldagi ifodalaridan biri bo‘ldi. Ushbu yoritgichlar avtomatik tarzda yonib-o‘chishi bilan ajralib turadi. Bu energiya resurslaridan oqilona foydalanish, issiqxona gazlari emissiyasini qisqartirishda qo‘l keladi.
O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining «Eko-energiya» markazi tomonidan joriy yilda qariyb ikki yuzta quyosh fotoelektr stansiyasi o‘rnatildi. Yil yakuniga qadar ularni to‘rt yuztaga yetkazish rejalashtirilgan. 37 ta’lim muassasasi, 74 qishloq vrachlik punkti va 294 ishlab chiqarish korxonasiga umumiy quvvati 271 kilovatt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari o‘rnatiladi.