Koʻchalarga maxsus tayyorlangan eritmalar sepilmoqda
Andijon shahar obodonlashtirish boshqarmasi hamda shahar sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi boʻlimi mutaxassislari karantin tadbirlari doirasida markaziy koʻchalar, maydonlar, xiyobonlar hamda tugʻruq komplekslari va shifoxonalar atrofiga maxsus eritmalar yordamida ishlov bermoqda.

- Tarkibida xlor va bir qancha foydali kimyoviy elementlar boʻlgan maxsus eritma 8 va 4,5 tonna sigʻimga ega toʻrtta “ISUZU” purkagich mashinalarida sepilmoqda, – deydi Andijon shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi Ulugʻbek Karimov.
Boshqarmada navbatchilik tashkil etilgan boʻlib, yoʻlga chiqadigan smena haydovchilari va transport vositalari dezinfeksiyadan oʻtgan holda ishga kirishmoqda.
Haydovchilar Sherzodbek Rasulov, Akmaljon Rejapov, Elyorbek Ibaydullayev va Qahramonjon Dehqonovlar sanitariya-epidemiologiya talablari asosida rejali ravishda shahar hududiga eritma bilan ishlov berishda faol ishtirok etayotir.
Shuningdek, dehqon bozorlari, koʻp qavatli uylar atrofining ozodaligiga alohida eʼtibor berilmoqda.
Oʻz navbatida favqulodda vaziyatlar Andijon shahar boʻlimi yongʻin oʻchirish texnikalari yordamida markaziy koʻchalardagi yoʻlar, piyodalar yoʻlakchalariga maxsus eritma sepilmoqda.
Boʻlim boshligʻi podpolkovnik Ilyosbek Aziz soʻzlariga koʻra, ikkita “ISUZU” maxsus avtomashinalaridan foydalanilmoqda. Purkagich tayyor eritmani 35 metrgacha sepib bera oladi, yaʼni piyodalar yoʻlakchalari ham toʻliq qamrab olinadi.