Klaus Mangold: “O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining o‘ziga xos yo‘lini tanladi”
O‘zbekiston mustaqillik yillarida siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda keng ko‘lamli o‘zgarishlarni amalga oshirib, xalqaro hamjamiyat bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini tobora kengaytirib bormoqda.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda mamlakatning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash va xorijiy hamkorlar bilan ishonchli munosabatlarni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlar xalqaro doiralarda ham e’tirof etilmoqda.
Bu kabi o‘zgarishlar O‘zbekistonning Germaniya bilan munosabatlarida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalar izchil rivojlanib, o‘zaro ishonch va manfaatdorlikka asoslangan hamkorlik yangi mazmun bilan boyib bormoqda.
Mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi bilan hamkorlikda tayyorlanayotgan “O‘zbekiston - Germaniya: 35 yillik taraqqiyot va hamkorlik” loyihasining navbatdagi mehmoni - „Mangold Consulting GmbH“ konsalting kompaniyasi raisi, taniqli nemis iqtisodchisi, professor Klaus Mangold.
Loyiha doirasida professor Klaus Mangold O‘zbekistonning mustaqillik yillarida bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li, iqtisodiy salohiyati va xalqaro maydondagi o‘rni haqida o‘z fikrlarini bildirdi:
– Avvalo, O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 35 yilligi bilan chin yurakdan tabriklayman. O‘tgan davr mobaynida mamlakat o‘z taraqqiyotining o‘ziga xos yo‘lini tanlab, jadal rivojlanish bosqichini bosib o‘tdi. Bugun bu yurt yuksalish va farovonlik sari izchil odimlayotgan, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga munosib hissa qo‘shayotgan davlat sifatida namoyon bo‘lmoqda. Eng quvonarlisi, bu natijalarga tinchlik va barqarorlikka asoslangan taraqqiyot yo‘li orqali erishildi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda mamlakatda farovonlik, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan islohotlarda Prezident Shavkat Mirziyoyevning sa’y-harakatlari alohida ahamiyat kasb etdi.
Ishonch bilan ayta olamanki, O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining o‘ziga xos yo‘lini izchil davom ettirish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solmoqda. Buning natijasi o‘laroq, mamlakat fuqarolari o‘z yurtida o‘zlarini baxtli va farovon his qilmoqda, xalqaro hamjamiyat esa yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarning guvohi bo‘lmoqda.
Bunday natijalar, avvalo, mamlakatda shakllangan iqtisodiy muhit va unga bo‘lgan ishonch bilan chambarchas bog‘liq. Har qanday mamlakatda iqtisodiyot faqat yuksak ishonch muhitidagina barqaror rivojlanishi mumkin. Iqtisodiyot va ishonch bir-birini to‘ldirib, taraqqiyot uchun mustahkam zamin yaratadi. So‘nggi yillarda ushbu ishonch Prezident va hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan izchil siyosat natijasida yanada mustahkamlandi.
Barqaror va ishonchli iqtisodiy muhit esa mavjud salohiyatdan samarali foydalanish uchun yangi imkoniyatlar ochadi. O‘zbekistonning bunday salohiyati juda katta. Xomashyo resurslari, to‘qimachilik, qurilish va avtomobilsozlik mamlakat iqtisodiyotining muhim tarmoqlari hisoblanadi. Ayniqsa, to‘qimachilik sohasida o‘sish imkoniyatlari yuqori. Biroq muvaffaqiyatli iqtisodiy siyosatni faqat xomashyo eksportiga tayanib qurib bo‘lmaydi. Xomashyoni sanoat bilan uzviy bog‘lash, ishlab chiqarish jarayonlarini kengaytirish va ular o‘rtasida qo‘shilgan qiymat zanjirini shakllantirish zarur. Bu esa mamlakatning iqtisodiy salohiyatini yanada oshirib, barqaror o‘sish uchun mustahkam asos yaratadi.
Iqtisodiy o‘sishning barqarorligi esa, o‘z navbatida, inson kapitaliga bevosita bog‘liq. Mamlakatning eng katta boyligi - yaxshi ta’lim olgan, bilimli va zakovatli yoshlardir. O‘zbekistonda mehnat bozoriga kirib kelayotgan ulkan yoshlar salohiyati mavjud. Shu bois sanoatlashtirish jarayonini jadallashtirish g‘oyat muhim. Zero, sanoatning rivojlanishi yoshlar uchun munosib ish o‘rinlarini yaratish bilan birga, mamlakat iqtisodiyotining barqaror o‘sishiga ham xizmat qiladi.
yoInson kapitali va iqtisodiy salohiyat haqida so‘z yuritar ekanman, O‘zbekiston bilan bog‘liq shaxsiy tajribamni ham alohida ta’kidlamoqchiman. Tadbirkorlik faoliyatimning qirq yildan ortig‘ini O‘zbekistonda biznes yuritish bilan o‘tkazdim. Shu bois mamlakatdagi o‘zgarishlarni nafaqat kuzatib, balki ularning ko‘pchiligiga bevosita guvoh bo‘lib kelmoqdaman. Bugun O‘zbekiston ilgari ko‘pchilik erishib bo‘lmaydi deb o‘ylagan natijalarga erishib, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari sari dadil qadam tashlayotganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rib turibman.
Bu o‘zgarishlarni mamlakatning turli hududlarida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Nukus, Toshkent, Jizzax va Andijon shaharlariga borganimda aholi turmush darajasidagi ijobiy o‘zgarishlarning guvohi bo‘laman. Bu hech mubolag‘asiz ayni haqiqat. Bugun o‘zbekistonliklarning istagan rusumdagi avtomobilni xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘layotgani, shaharlardagi sayilgohlar, restoran va kafelarning gavjumligi jamiyat hayotidagi o‘zgarishlardan dalolat beradi. E’tiborlisi, bunday yangilanishlar faqat Toshkent yoki Samarqand kabi yirik shaharlardagina emas, chekka hudud va qishloqlarda ham sezilmoqda. Menimcha, bu o‘zgarishlarga so‘nggi yillarda Prezident boshchiligida shakllangan samarali davlat boshqaruvi va izchil islohotlar tizimi zamin yaratdi.
Mamlakat ichidagi bunday ijobiy o‘zgarishlar, tabiiyki, uning xalqaro maydondagi mavqeiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Zero, ishonchli va barqaror boshqaruv taraqqiyotning muhim shartlaridan biridir. Bugun O‘zbekiston xalqaro maydonda o‘z o‘rni va nufuzini tobora mustahkamlab bormoqda. Ilgari nisbatan cheklangan tashqi aloqalar doirasida bo‘lgan mamlakat bugun G‘arb va Sharq davlatlari bilan o‘zaro manfaatli, konstruktiv hamda yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan munosabatlarni izchil rivojlantirmoqda. Jahon hamjamiyati bilan aloqalarning kengayib, O‘zbekistonning xalqaro jarayonlarga tobora faol integratsiyalashib borayotgani mamlakatdagi barqarorlik, izchil taraqqiyot va ishonchli hamkorlik muhitining muhim ko‘rsatkichidir.
Mamlakat hayotida yaqqol sezilayotgan bu jo‘shqinlik kelgusi yillarda ham davom etishini chin dildan istayman. O‘zbekiston va uning xalqiga barcha jabhalarda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Erishilgan yutuqlardan faxrlanish kerak. Zero, ular kelajakda yanada katta farovonlik, tinchlik va baxt uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.