Klasterlar uchun mahorat darslari o‘tiladi
Endilikda “Qishloq biznesi uchun maslahat xizmati” unitar korxonasi fermer va tomorqachilar qatorida klaster rahbarlari va xodimlarining ham malakasini oshiradi.
Bunda o‘quv kurslari to‘rt yo‘nalishda olib boriladi. Fermer xo‘jaliklarini kompleks rivojlantirish, dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqasidan samarali foydalanish, “Tomorqa xizmati” MCHJ xizmatlari, huquqshunoslar, ijro-intizomi va kadrlar bilan ishlash bo‘limlari uchun o‘quv kurslari olib boriladi. Endi ana shu dasturlar qatoriga klasterlarni rivojlantirish borasida ham darslar qo‘shildi.
Qayd etish joizki, “Qishloq biznesi uchun maslahat xizmati“ korxonasi soha vakillari uchun doimiy ravishda sayyor o‘quv kurslari o‘tkazib kelmoqda. Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yerlaridan samarali foydalanishni tashkil etish, ijro intizomi, yurist va xodimlar bilan ishlash kabi yo‘nalishlar shular sirasidan.
Korxona konsalting xizmatlarni ko‘rsatib, ilm-fanning sohaga oid yangiliklarini amaliyotda tatbiq etishda faol ishtirok etmoqda. Shuningdek, unitar korxonaning sa’y-harakatlari evaziga bir qancha fermer xo‘jaliklari rahbarlari qishloq xo‘jalik sohasidagi yetakchi chet el davlatlarida tajriba almashmoqda hamda xalqaro qishloq xo‘jalik mahsulotlari yarmarkalarida ishtirok etmoqda. Jumladan, 2019 yilda 696 nafar, 2020 yilda 424 nafar tizim xodimlari malaka oshirdi.
O‘quv kurslarining ilmiy saviyasini oshirish maqsadida Toshkent davlat agrar universiteti professor-o‘qituvchilari ham jalb etilgan. Ular fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobini yuritish, paxta va g‘alla yetishtirishda zararkunandalarga qarshi kurashish, meva va sabzavotlarni saqlash, qayta ishlash hamda tashqi bozorga sotish mavzularidagi ma’ruzalari bilan ishtirok etmoqda.
2020 yilning avgustidan boshlab, mamlakatimizdagi pandemiya holati tufayli malaka oshirish kurslari masofadan turib “Zoom” mobil ilovasi yordamida amalga oshirilmoqda. Hozir ushbu mobil ilova yordamida 227 nafar tinglovchi uchun malaka oshirish kurslari o‘tkazildi.
Joriy yilda 500 nafardan ortiq xodimni o‘qitish rejalashtirilgan. Bunda klaster rahbarlari va mutaxassislarining xorijiy tajriba asosida malaka oshirishi tashkillashtirilmoqda.
O‘zA