Keyingi yillarda mamlakatimizda kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Besh tashabbus”ning to‘rtinchisi yo‘nalishi sifatida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish belgilangani ham bejiz emas.
Kitobxonlik madaniyatini oshirish va kitob mutolaasi borasida joylarda turli tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Shunday tadbirlardan biri Nurafshon shahridagi Prezident maktabida tashkil etildi. Unda “Kitobsevar millat” shiori ostida “Kitobxon bolalar” va “Dunyo daholari” ruknida chop etilgan kitoblar taqdimoti o‘tkazildi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va uyushmaning viloyat bo‘limi, shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining viloyat bo‘limi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda jurnalistlar, Toshkent viloyatidagi axborot-kutubxona markazlari mutaxassislari, hamkor tashkilotlar vakillari hamda yoshlar ishtirok etdi.

Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol avlodni tarbiyalashda kitobning o‘rni beqiyos. Ushbu ezgu tashabbusni ro‘yobga chiqarish yo‘lida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi ham munosib hissa qo‘shmoqda.
Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat-notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan “2023 yilda NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari o‘rtasida muhim ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirishga davlat ijtimoiy buyurtmalarini taqdim etish uchun tanlov”da Jurnalistlar uyushmasi “Aholi, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, barkamol shaxsni tarbiyalashda kitobxonlik madaniyatini oshirish” loyihasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Shundan so‘ng mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada jadallashtirishga qo‘shimcha moddiy imkoniyat yaratildi.

Jumladan, ushbu loyiha doirasida bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan o‘n nomdagi o‘zbek va jahon adabiyotining eng yaxshi namunalarini nashrga tayyorlash, chop etish, audio shakllarini yaratish hamda ularni davlat buyurtmachisi bilan kelishgan holda axborot-kutubxona muassasalariga beg‘araz taqdim etish belgilangan edi.
Shu kungacha “Kitobxon bolalar” rukni ostida “Shalola”, “Oq qovunning bolasi”, “Uchar hammom”, “Sehrgarning uzugi”, “Bolalikning qo‘lidan tutib” nomli kitoblar “O‘zbekiston nashriyoti” davlat unitar korxonasida, “Dunyo daholari” turkumidagi “Stiv Jobs – kompyuterga jon bergan odam”, “Muhammad Ali – barcha davrlarning buyuk bokschisi”, “Leonardo da Vinchi – zamonasidan ilgarilab ketgan aql sohibi”, “Motsart – musiqa dahosi”, “Albert Eynshteyn – serqirra daho” nomli kitoblar esa “ASAXIY BOOKS” mas’uliyati cheklangan jamiyatda chop etildi.

Nashrdan chiqqan kitoblarni varaqlar ekansiz, ulardan o‘rin olgan she’rlar, hikoyalar va ertaklar mazmuniga mos ajoyib rasmlar bilan boyitilib, bolalar e’tiborini o‘ziga jalb qiladigan yorqin qiyofada chop etilganiga guvoh bo‘lasiz. Jumladan, taniqli bolalar shoiri Orif To‘xtashning “Shalola” nomli kitobi bolalikning rangin olamiga boshlaydi. Bir-biridan ajoyib she’rlar bolalar qalbiga shodlik, zehniga bilim, orzu-umidlariga esa qanot baxsh etadi.
Uyushmaning Toshkent viloyati bo‘limi raisi Rahmatilla Sheraliyev olib borgan tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov keyingi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimiz yosh avlodi bilimli, salohiyatli insonlar bo‘lib ulg‘ayishi uchun kitobxonlik rivojiga juda katta e’tibor, g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgani, jumladan, taqdim etilayotgan nashrlar ham bolalar va o‘smirlarning aqliy, ma’naviy yuksalishiga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Toshkent viloyati bo‘limi raisi Mahmud Toir, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining viloyat boshqarmasi boshlig‘i Zarifa Eraliyeva va boshqalar kitobning bola intellektual salohiyatini yuksaltirish, dunyoqarashini kengaytirishdagi o‘rni haqida so‘z yuritdi.
Tadbir yakunida poytaxt viloyatining 21 ta axborot-kutubxona markazlariga, viloyat bolalar kutubxonasiga, Nurafshon shahridagi Prezident maktabiga, hududiy ixtisoslashtirilgan maktablarga 10 nomdagi 720 dona kitob tuhfa etildi.
A.Musayev, O‘zA