Kitobxonlikdan "Kelajak bunyodkori" sari borgan Dilnavoz
Motivatsiya!
Kitobxon insonning dunyoqarashi, fikrlashi, o‘zini tutishi, xulq-atvori, umuman, ma’naviyati o‘zgacha bo‘ladi. Hayoti davomida kitobga oshno bo‘lgan insonlar hamisha o‘zgalarga yaxshilikni ravo ko‘radi, atrofidagilarni o‘z ortidan ezguliklar sari ergashtira oladi, boshqalarga namuna bo‘lgulik ma’naviyatli inson sifatida shakllanib boradi.

Shuning uchun ham yurtimizda kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, ayniqsa, yosh avlodni kitobga, adabiyotga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash masalalariga alohida ahamiyat qaratib kelinadi. Bu borada yo‘lga qo‘yilgan kitobxonlik ko‘rik-tanlovlari yurtimiz bo‘ylab keng quloch yoydi, yuragida o‘ti bor, qalbi kitob mutolaasi sari oshiqqan yoshlarni bir maqsad sari birlashtirmoqda, jahon va o‘zbek adabiyotining noyob va qimmatli durdonalaridan bahramand bo‘lishga chorlamoqda.
Andijonlik Dilnavoz Haytaxmatova ham kitobsevar yoshlardan biri. U doim kitoblar bilan sirlashadi, dillashadi, fikrlashadi. Kitobga, o‘qishga bo‘lgan ishtiyoq uni "Yosh kitobxon" tanlovi sari yetakladi. Yillar davomida o‘qigan kitoblari bilan bu tanlovda o‘zini namoyon qildi. 2021 yil "Yosh kitobxon" tanlovining 15-19 yosh toifasida Dilnavoz 3-o‘rinni egallab, 30 million pul mukofoti sohibasiga aylandi.

Kitobga, adabiyotga bo‘lgan mehr va intilish uni shu yo‘nalishdagi oliygohga chorladi. Dilnavoz 2022 yilda maktabni tamomlab, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga davlat granti asosida qabul qilindi. U universitetda ham faolligi, serharakatliligi bilan ajralib turadi — “Yosh olimlar jamiyati”, “Mumtoz adabiyot muammolari” sho‘’basiga mas’ul, universitet Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti “Yoshlar daftari” va metsenantlik yo‘nalishi koordinatori.
Oliy ta’lim muassasasidagi o‘qishi davomida ham Dilnavoz muntazam kitob bilan oshno bo‘ldi, kitobxonlikni doimiy mashg‘ulotiga aylantirdi. 2023 yilgi "Yosh kitobxon" tanlovida ham ishtirok etib, respublika bosqichida 3-o‘rinni egalladi. Bundan tashqari, "Kitobxon yoshlar ligasi"ning 3-mavsumida g‘olib bo‘ldi. “Ma’rifat maydoni” jamoaviy tanlovida universitet jamoasi bilan birga respublika bosqichida faollik ko‘rsatdi.
Shijoatli, serg‘ayrat yoshlar davlatimizning doimiy e’tiborida bo‘lib keladi. Dilnavozning g‘ayrati, o‘z ustida ishlashi va erishgan natijalari ham bu e’tibordan chetda qolmadi. Yakunlangan 2024 yil Dilnavoz uchun yanada omadli kechdi. U davlatimiz rahbarining tegishli farmoniga ko‘ra, "Kelajak bunyodkori" medali bilan taqdirlandi.
— Davlatimizning, yurtboshimizning yoshlarga e’tibori va g‘amxo‘rligi bizni yanada faol bo‘lishga, yangi marralarni egallashga undaydi, ich-ichimizdan quvonib, o‘z ustimizda ishlash ishtiyoqini beradi. Shunday ekan, har bir tengdoshimga bugungi yaratilgan sharoitlarni yurakdan his qilgan holda tinimsiz mehnat qilishlarini, eng yuksak marralar sari intilishlarini maslahat berardim. Intilganga tole yor, degan maqol bejiz aytilmagan. Inson nimaga qarab intilsa, o‘sha narsaga, albatta, yetishadi. Muhimi, dangasalikni, turli bahonalarni bir chetga surib, faqat ulkan maqsadlar sari harakatda bo‘lish, mehnat qilish lozim, — deydi Dilnavoz.
Darhaqiqat, bugun har bir intilgan yosh borki, qandaydir yutuq va natijalarni qo‘lga kiritmoqda. U xoh madaniyat va ma’naviyat sohasi bo‘lsin, xoh texnika yoki axborot texnologiyalari yoxud sport yo‘nalishi bo‘lsin, barchasida yoshlarimiz uchun eshiklar ochiq, imkoniyatlar bisyor. Bor shart-sharoit va imkoniyatlar yoshlarimizning o‘zini ko‘rsatishi, intellektual salohiyatini yanada rivojlantirishi va yuksak cho‘qqilarni egallashi uchun zamin bo‘ladi.
Dilnavoz singari kitobxon va intiluvchan yoshlarimiz safi kengayishi esa mamlakatimizning ertangi ravnaqi hamda xalqimizning orzu-umidlariga poydevor bo‘ladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA