Kitobxonlik targ‘ibotiga doir har bir ezgu tashabbus o‘z mevasini beradi
Mutolaa orqali insonning bilimi ortib, mantiqiy fikrlashi o‘sadi. Yoshlarning intellektual va ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qiluvchi jahonga mashhur kitoblarni o‘zbek tiliga tarjima qilib, ertamiz egalarini zamonaviy ilm-fanning so‘nggi yutuqlari bilan tanishtirib borish bugunning muhim masalalaridan biridir.
Aholi o‘rtasida kitobxonlikni rivojlantirish va yoshlarni ilmiy-ommabop kitoblar mutolaasiga jalb etish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023yil 28 noyabrdagi “Yoshlar uchun ming kitob” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi xayrli ishlarni yangi bosqichi olib chiqadi. Ushbu qarorning mohiyati, hujjat ijrosi yuzasidan kutilayotgan natijalar xususida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi O‘quv-metodika va harbiy vatanparvarlik bo‘limi boshlig‘i Ma’mura Zohidova bilan suhbatlashdik.
– Kitob nashr etish va tarqatish hamma mamlakatda ham qat’iy tartibga solinmagan, – deydi Ma’mura Zohidova. – Turli mavzu va maqsadda kitob bitadiganlar, uni nashr etib tarqatuvchilar juda ko‘p. Ayniqsa, badiiy kitoblar borasida qat’iy cheklovlarni bundan keyin ham belgilab bo‘lmaydi, iloji ham yo‘q. Kitobga ehtiyojning borligidan quvonadigan davrdamiz. Shunday vaqtda bu qarorning e’lon qilingani ayni muddao bo‘ldi. Kitob mutolaasi deganda, odatda, biz badiiy kitoblar o‘qishni anglaymiz.
Ushbu loyiha esa o‘z oldiga yoshlarning intellektual va ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qilishni maqsad qilgan. U zamonaviy ilm-fanning so‘nggi yutuqlari bilan yoshlarni tanishtirib borishni ko‘zda tutadi. Mingta kitob, albatta, birdaniga tarjima qilinib, chop etilmaydi, bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Ekspertlarga tayanib ish ko‘rilishi juda to‘g‘ri qaror. Aholi takliflari ustida esa, albatta, ishlash kerak deb o‘ylayman. Ya’ni aholi fikrini o‘rganishdan avval loyiha mohiyati va maqsadini chuqur anglatish lozim.
Bugungi kun yoshlariga qanday kitob berish kerak? Savolga bir og‘izda yaxshi kitob deb javob berish ham mumkin. Ammo yoshlar ularga nima bersangiz, shuni qabul qiladi.
Qiziquvchan yoshlarga ayni ilmiy va intellektual mazmundagi, kashfiyotlar, tadqiqotlar haqidagi kitoblarni taqdim etishning qanday yo‘llari borligi haqida ko‘p o‘ylardim. Ushbu loyiha o‘zbek fanining rivojiga hali ulkan hissa qo‘shadi. Bu mehnatning samarasi, albatta, darrov ko‘rinib qolmaydi. Bunga vaqt kerak.
Yoshlar anoyi emas. Ularga biror voqelik yo hodisani, olam mo‘’jizalarini tushuntirib qo‘yadigan emas, fikrlashga undaydigan kitoblar kerakliroq va qiziqroq. Ayni maqsad borasida esa Yoshlarga ularni keng tafakkur qildiradigan, o‘zining qiziqishlarini aniqlab olishlari va fanning ma’lum sohasi bilan shug‘ullanishlariga turtki beradigan kitoblarni tavsiya qilish kerak. Zeriktirib, bezdirmasligi uchun oddiydan murakkabga qarab boradigan, ma’lum tizimda taqdim etiladigan kitoblar lozim. Bularning hammasini har yil boshida chop etilishi ko‘zda tutiladigan kitoblarni ekspertlar yordamida aniqlab olishda ko‘zda tutish kerak.
– O‘zbek tilidagi adabiyotlar jamlanadigan va aholi uchun bepul foydalaniladigan maxsus platformalarning yaratilishi o‘zbek auditoriyasiga qanchalik ta’sir o‘tkazadi?
– Albatta, bu juda zarur. Hammamizning qo‘limizda telefon. Yoshlarimizni keng tafakkur qilishga undash, o‘zi tanlagan sohadagi yangiliklardan doimiy xabardor bo‘lish, sohani muntazam chuqur o‘rganib borishga undaydigan platforma bo‘lsa, biz ilm-fan sohasida katta o‘zgarishlarga doxil bo‘lamiz. Kitoblarni joylashtirish, albatta, o‘zbek kitobxoni dunyoqarashini kengaytiradi. Adabiyotlarning elektron shakli mavjudligi tilimizni o‘rganishga bo‘lgan e’tiborni yanada oshirishga ham xizmat qiladi. Ming kitobning barchasi yoshlarimiz tomonidan jiddiy mutolaa qilinishini istaymiz. Sababi, bu bilan o‘zlarigina ilm-fan cho‘qqilarini zabt etib qolmaydilar, ular hademay ulg‘ayadilar, mamlakatning katta yoshdagi qatlamiga aylanadilar. Ota-ona sifatida farzand tarbiyalaydi. Ana shunda ularning oilasida ilm-fan sirlarini zabt etuvchi zukko farzandlar kamolga yetadi.
– Aholi o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib etish va ijodkorlarning iste’dodini shakllantirish yo‘lida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qanday loyihalarni amalga oshirmoqda?
– Yozuvchilar uyushmasida ham amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami keng. Bizda badiiy kitoblar, shu bilan birga, tilshunoslik va adabiyotshunoslikka oid eng nodir asarlar chop etiladi. Orasida mumtoz asarlar ham, tarjima asarlar ham, ustoz va zamondosh ijodkorlar qalamiga mansub asarlar ham, qardosh tillardagi kitoblar ham mavjud. Bilamizki, badiiy kitoblarga ehtiyoj katta. Shu yilning o‘zida “Adib va jamiyat”, “Nazm bo‘stoni”, “Tanlangan asarlar”, “Nasr gulshani”, “Adabiy meros”, “Birinchi kitobim” va boshqa loyihalarda jami 50 nomda, 220 ming nusxada kitob chop etildi.
O‘tgan 2022 yil yakunlariga ko‘ra esa, “Adib va jamiyat”, “Nazm bo‘stoni”, “Tanlangan asarlar”, “Nasr gulshani”, “Adabiy meros”, “Birinchi kitobim” va boshqa loyihalarda jami 150 nomda, 388 ming 800 nusxada kitob chop etildi. Kitoblarimiz kitobxonlarga yetib borishi uchun kutubxonalar, madaniyat uylariga tarqatiladi.
Tanlov va tadbirlar esa turli yoshdagi ijodkorlarni birlashtirib kelmoqda. Yaqinda hamkor tashkilotlar va soha mutaxassislari bilan birgalikda “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 tomligi nashr etildi.
Hozirda esa “O‘zbekiston adiblari” to‘plami hamda o‘zbek adabiyoti 300 tomligi ustida ish olib borilmoqda.
Kitobxonlik targ‘ibotiga doir loyihalar, ezgu tashabbuslar amalga oshirilayotgani quvonarli. Ular, shubhasiz, o‘z mevasini beradi.
O‘zA muxbiri Marhabo Madaminova suhbatlashdi.