«Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir. Biz yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz.
Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyat» deya ta’kidladi mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2021 yil 19 yanvar kuni «Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish» masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida.
Darhaqiqat, mutolaa insonni ma’naviy kamolotga erishtirib, jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga xizmat qiladi. Bu insoniyat tarixida ko‘p bora isbotini topgan haqiqat.

Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish maqsadida Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani 1-umumta’lim maktabida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, besh tashabbus – besh imkoniyat doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlarda o‘quvchi yoshlarni kitobxonlik klubi va fan to‘garaklariga qamrab olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Maktabda “Besh tashabbus kitob bilan» loyihasi asosida «Kitobxonlik» klubi tashkil etilgan. Klubning asosiy maqsadi o‘quvchi-yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatini targ‘ib qilishdan iborat. Dastlab o‘quvchilar orasida «Tejalgan pulga kitob olamiz» aksiyasi tashkil etildi. Aksiya davomida o‘quvchilar ma’lum muddat orasida o‘z xarajatlaridan tashqaridagi mablag‘larni jamg‘arib yig‘ilgan pullarga kitob xarid qilishdi.
Ikkinchi “Farzandimga eng yaxshi sovg‘a” bosqichida bevosita ota-onalar jalb etilib, o‘z farzandlari uchun kitoblar sovg‘a qilishdi. Haftaning har shanba kuni «O‘qigan kitobim haqidagi o‘ylarim» mavzusida davra suhbatlari, munozara kechalari tashkil etilmoqda. Bu jarayon o‘quvchi-yoshlar dunyoqarashining kengayishida, ma’naviy dunyosining boyishida muhim ahamiyat kasb etayotir.

Klub a’zolari “Yosh kitobxon”, “Kitobxon oila”, “Kitobxon o‘quvchi” kabi tanlovlarda ishtirok etib kelmoqda. Klubning eng faol o‘quvchilaridan biri Dilnoza Abdurahimova viloyat bolalar kutubxonasi tomonidan tashkil etilgan «Kitobxon o‘quvchi» tanlovida “Eng faol kitobxon nominatsiyasini qo‘lga kiritdi. Kuni kecha maktabda «Javondagi javohir» shiori ostida kitob savdosi tashkil etildi. Klub a’zolari jahon va o‘zbek adabiyotining nodir durdonalari bo‘lmish badiiy adabiyotlarni xarid qilishdi.
2020-2021 o‘quv yili yakunlanishiga sanoqli kunlar qoldi. Klub a’zolari ta’til davrida ham o‘z faoliyatini davom ettirib, mahallalarda, dam olish maskanlarida, yozgi oromgohlarda kitobxonlik targ‘iboti bo‘yicha kechalar, tanlovlar, suhbatlar uyushtirishni rejalashtirgan. Bunday loyihalardan har bir yurtdoshimiz manfaatdor ekani klub a’zolarini ruhlantiradi.

Salimaxon Qodirova,
Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani
1-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi,
«Kitobxonlik» klubi rahbari