Kitobxonlik haftaligi yil bo‘yi davom etadi
Kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish va aholini kutubxonalarga jalb qilish maqsadida joriy yilning 18-22 aprel kunlari AOKA tomonidan «Kitobsevar millat» shiori ostida II Respublika «Kitobxonlik haftaligi» o‘tkazildi.
Mazkur haftalik doirasida Toshkent viloyatidagi 22 ta tuman va shahar axborot kutubxona markazlari, Respublika Ma’naviyat va marifat tuman va shahar bo‘linmalariri hamkorligida maktab va mahallalarda davra suhbatlari, dolzarb mavzularda muloqotlar, yozuvchi va shoirlar bilan adabiy uchrashuvlar, mahorat saboqlari kabi ko‘plab qiziqarli tadbirlar tashkil etildi. Shuningdek, mamlakatimiz noshirlari chop etgan yangi asarlar taqdimoti, arzonlashtirilgan kitob savdo-yarmarkalari hamda turli aksiyalar bo‘lib o‘tdi.

Haftalik davomida viloyatdagi kitoblarga 587 nusxada beg‘araz yordamlar ko‘rsatilib, 17 nafar shoir yozuvchilar bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Shuningdek, viloyatdagi faol kutubxona xodimlarining uch nafari "Axborot-kutubxona a’lochisi" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Ohangaron shahar Madaniyat va istirohat bog‘ida haftalikning yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, axborot kutubxona markazi xodimlari, faol kitobxonlar, OAV xodimlari ishtirok etdi.
Haftalik yakunida faol ishtirokchilar, yosh kitobxonlar va OAVlari xodimlari Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayevning tashakkurnomasi va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
A.Musayev,
O‘zA muxbiri