Kitobxonlik bizni birlashtiradi
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan qator tashkilotlar bilan hamkorlikda “Ma’rifat va millatlararo bag‘rikenglik” shiori ostida “Bag‘rikenglik haftaligi” o‘tkazilmoqda.
Xalqaro bag‘rikenglik kuniga bag‘ishlangan haftalik doirasida “Kitobxonlik bizni birlashtiradi” nomli kitoblar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
O‘sib kelayotgan yosh avlod ongiga Vatanga muhabbat va uning taqdiri uchun daxldorlik hissini singdirish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash, ularni kitobxonlikka faol jalb qilish maqsadida tashkil etilgan tadbirda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Milliy madaniy markazlar raislari va faollari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda o‘zbek, tojik, qirg‘iz, nemis, ingliz, turk, qozoq va yana turli xil millat hamda elatlarga oid kitoblar, jurnal va kichik qo‘llanmalar namoyish etildi. Jumladan, turli millat yozuvchi va shoirlarining asarlari hamda olimlarining tadqiqot ishlariga bag‘ishlangan milliy madaniy markazlar ijodkorlari asarlari ko‘rgazma mehmonlari e’tiboriga havola etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi ijrosini ta’minlash borasida qo‘mitada amalga oshirilayotgan ishlar hususida ma’lumot berildi. Kitobxonlikning inson ongiga ijobiy ta’siri, aqlni charxlashdagi o‘rni hamda kitobning necha asrlar osha insonning ma’naviy barkamolligiga xizmat qilishi xususida so‘z yuritildi.
Shuningdek, tadbirda milliy madaniy markazlar tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish etildi. Turli millat yozuvchi va shoirlarining qalamiga mansub she’rlar asosida kuylangan qo‘shiqlar barchaga manzur bo‘ldi.
Bu kabi tadbirlar yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, turli millat vakillari o‘rtasida do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA