Kitobxon yurtning kelajagi buyuk
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanida 21-may – “Kutubxonachilar kuni” munosabati bilan tuman Axborot-kutubxona markazida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Xalq deputatlari tuman Kengashi kotibiyati hamda O‘zLiDeP tuman Kengashi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirning asosiy maqsadi jamiyatda kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish, kutubxonachilarning fidokorona mehnatini e’tirof etish hamda yoshlar ongida mutolaa va ma’naviyatga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirishdan iboratdir.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar kitob inson kamoloti, tafakkuri va ma’naviy yuksalishining eng muhim manbai ekanini alohida ta’kidlab, ayniqsa, bugungi globallashuv davrida yosh avlodni bilimli, vatanparvar va tashabbuskor etib tarbiyalashda kutubxonalar faoliyatining o‘rni beqiyos ekanini qayd etishdi.

Tadbir davomida ko‘p yillik samarali mehnati, erishgan yutuqlari hamda sohaga qo‘shayotgan munosib hissasi uchun tuman Axborot-kutubxona markazining bir guruh fidoyi xodimlari O‘zLiDeP tuman Kengashining faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.
Mazkur tadbir kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, kutubxona tizimi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.