Kitobxon mahkumlarga imtiyoz
Mahkumlar uçun jazoni ötaşda yangi imkoniyat yaratildi. Özbekistonda kitob mutolaasi orqali jazo muddatini qisqartiriş mumkin. Bu inson qadr-qimmatini uluğlaşga qaratilgan muhim qadamdir.
Inson huquqlarini himoya qiliş faqat huquqbuzarliklarni bartaraf etişdan iborat emas. Bu jarayon inson qadr-qimmatini uluğlaş va uning huquqlarini taʼminlaşni ham qamrab oladi. Hatto ozodligi çeklangan şaxslar ham bilim oliş imkoniyatidan mahrum bölmasligi kerak.
Inson huquqlari böyiça vakil (ombudsman) töğrisidagi 2024-yil 15-noyabrda qabul qilingan qonun bu boradagi huquqiy asoslarni mustahkamladi. Mazkur hujjat Ombudsman institutining vakolatlari va faoliyat yönalişlarini takomillaştirişga xizmat qildi. Qonun qabul qilinganiga ikki yil tölayotgan şu kunlarda uning insonparvarlik tamoyillari bilan boğliq jihatlariga eʼtibor qaratiş örinlidir.
Jamiyatda insonning özgarişi, avvalo, uning tafakkuridagi özgarişlardan boşlanadi. Kitob mutolaasi esa bunday maʼnaviy yangilanişning muhim vositalaridan biridir. U insonni muşohada yuritişga, xatti-harakatlarini tahlil qilişga va xulosa çiqarişga örgatadi. Badiiy asarlar orqali inson turli taqdirlar bilan tanişadi. Qahramonlar hayotidan saboq olib, öz qaraşlarini qayta baholaş imkoniga ega böladi.


Bu imkoniyat jazoni ijro etiş muassasalarida saqlanayotgan şaxslar uçun ayniqsa muhim. Çunki ozodlikdan mahrum etiliş insonning maʼnaviy ösişi töxtaşi kerakligini anglatmaydi. Aksinça, bu davr öz xatolarini anglaş va kelajak rejalarini qayta körib çiqiş uçun imkoniyat bölişi mumkin.
Şu nuqtai nazardan, qonunçilikdagi yangi tartib alohida ahamiyat kasb etadi. 2026-yil 15-yanvardagi qonun bilan Jinoyat-ijroiya kodeksiga özgartirişlar kiritildi. Unga muvofiq, belgilangan adabiyotlarni mutolaa qilgan ayrim mahkumlarning jazo muddati qisqartirilişi mumkin. Har bir öqilgan kitob uçun uç kun, bir yilda esa köpi bilan öttiz kun hisobga olinadi.
Biroq mazkur imtiyoz barça mahkumlarga birdek tatbiq etilmaydi. Umrbod ozodlikdan mahrum qiliş jazosiga hukm qilingan şaxslar bundan mustasno. Şuningdek, kitobni öqişning özi jazo muddatini avtomatik ravişda qisqartirmaydi. Avvalo, mutolaa qilingan asar belgilangan röyxatga kiritilgan bölişi lozim. Kitob öqilgani tegişli komissiya tomonidan tasdiqlanadi. Yakuniy qaror esa qonunçilikda belgilangan tartibda sud tomonidan qabul qilinadi.


Uşbu jarayonning taşkiliy asoslari ham aniq belgilab qöyilgan. Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 12-iyundagi 307-son qarori bilan tegişli nizom tasdiqlangan. Unda mahkumlar mutolaasini baholaş komissiyalari faoliyatining tartibi belgilangan.
Maʼnaviy-axloqiy mazmundagi adabiyotlar röyxati har yili şakllantiriladi. Bu vazifa Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi zimmasiga yuklatilgan. Bu jarayonda Alişer Navoiy nomidagi Özbekiston Milliy kutubxonasi va Yozuvçilar uyuşmasi hamkorlik qilmoqda. Tanlangan asarlar mahkumlarda ezgu qadriyatlarni şakllantirişga xizmat qilişi közda tutilgan.
Mutolaa fakti maxsus dasturiy taʼminot orqali test sinovlari yordamida aniqlanadi. Bunda öqilgan asarlarning mazmuni özlaştirilgani baholanadi. Maxsus tizimdan foydalaniş inson omilini çeklaşga qaratilgan. Bu esa baholaş jarayonida xolislik va şaffoflikni taʼminlaş imkonini beradi.
Mazkur tartibning amaldagi ijrosi ham taʼminlanmoqda. Joriy yilning 2-noyabr kuni 29- va 30-sonli manzil-koloniyalarida komissiya yiğilişi ötkazildi. Unda mahkumlarning kitobxonlik madaniyatini oşiriş masalalari muhokama qilindi. Belgilangan talablar asosida asarlarni mutolaa qilgan şaxslar test sinovlarida qatnaşdi. Sinovlar orqali ularning öqilgan kitoblar mazmunini özlaştiriş darajasi baholandi.


Ijobiy natija körsatgan mahkumlar böyiça alohida masala körib çiqildi. Komissiya ularning jazo muddatini qisqartiriş yuzasidan xulosa tayyorlaş tartibini muhokama qildi. Bu yerda asosiy mezon kitoblar soni emas, balki mutolaa natijasida olingan bilimdir. Demak, belgilangan rağbat maʼnaviy ösiş va bilim özlaştiriş bilan bevosita boğlangan.
Masalaning yana bir muhim tomoni bor. Jazoni ötab çiqqan şaxsning jamiyatga qayta moslaşişi köp jihatdan uning dunyoqaraşiga boğliq. Bilim va maʼnaviy tarbiya bu jarayonda muhim tayanç vazifasini bajaradi. Kitobxonlik insonda masʼuliyat, mulohaza va öz kelajagiga işonç tuyğularini kuçaytiradi.
Şu bois mahkumlarning mutolaa qiliş imkoniyatlarini kengaytirişni faqat jazo muddatiga boğliq masala sifatida baholab bölmaydi. Bu inson huquqlarini taʼminlaş va uning qadr-qimmatini hurmat qilişning ham muhim körinişidir. Ombudsman instituti faoliyatida ham bunday yondaşuv insonparvarlik tamoyillarining amaliy ifodasi sifatida ahamiyatlidir.

Zero, kitob insonni fikrlaşga, qonun esa öz huquqlarini anglaşga yönaltiradi. Insonparvarlik ana şu ikki qadriyatni birlaştirib, tuzaliş uçun imkoniyat yaratadi. Eng muhimi, jamiyatga qaytiş istagini bilim va maʼrifat bilan mustahkamlaydi.
Ötkir Jörayev,
Oliy Majlisning Inson huquqlari böyiça vakili
(ombudsman)ning Jizzax viloyatidagi mintaqaviy vakili.
ÖzA