Sirdaryoda davlat xizmatchilari o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish maqsadida “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida “Kitobxon davlat xizmatchisi” tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali, viloyat hokimligi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan musobaqa uch bosqichda o‘tkazildi.
Birinchi bosqich musobaqasida ishtirok etish istagini bildirgan 413 nafar davlat fuqarolik xizmatchisidan 306 nafar nomzodning malaka talabi tanlov shartlariga mos bo‘lgani bois test sinovlari o‘tkazildi. Onlayn o‘tkazilgan test sinovida 251 nafar nomzod ishtirok etib, Abdulla Qodiriyning "O‘tkan kunlar", Abdulhamid Cho‘lponning "Kecha va kunduz", Ernest Xemingueyning "Chol va dengiz" romanlari, O‘tkir Hoshimovning "Dunyoning ishlari" qissasi, Shukur Xolmirzayevning "O‘zbek xarakteri" hikoyalari asosida tuzilgan hamda adiblarning hayoti va ijodiga oid 25 ta test savoliga javob bergandi. Test natijalariga ko‘ra, yuqori ballni qo‘lga kiritgan 30 nafar ishtirokchi Guliston shahridagi Yoshlar markazida o‘tkazilgan yakuniy musobaqada ishtirok etib, “Badiiy asarlar bilimdoni” va “Tezkor savol-javob” shartlari asosida o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.
Nufuzli hay’at a’zolari badiiy asarlar va tezkor savol-javoblar bo‘yicha ular iqtidori, bilimlarini baholab borishdi.
Yakunda 2 ta shart bo‘yicha tanlov g‘oliblari aniqlandi: Sirdaryo viloyati iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi bosh mutaxassisi Shoira Qurbonova 3-o‘ringa, Sirdaryo tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi bosh mutaxassisi Zamira Yo‘ldosheva 2-o‘ringa munosib deb topilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Sirdaryo viloyati bosh boshqarmasi bosh iqtisodchisi Shahnoza Meliboyeva mazkur tanlovning mutlaq g‘olibi deb topildi.
Sirdaryoda o‘tkazilgan “Kitobxon davlat xizmatchisi” tanlovi davlat xizmatchilarining ijtimoiy-ma’naviy bilimlarini yanada mustahkamlash, amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish, jamiyat hayotidagi ijtimoiy faolligini oshirish, dunyoqarashi va fikrlash doirasini kengaytirishga xizmat qilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri