Andijonda “Kreativ ta’til” loyihasi doirasida o‘quvchi yoshlar o‘rtasida “Kitobxon bolalar” viktorinasi bo‘lib o‘tdi.
O‘quvchi yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib etish, mutolaa madaniyatini oshirish, qolaversa, o‘quvchilarning qishki ta’tilini mazmunli o‘tkazish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi viloyat boshqarmalari hamkorligida “Kreativ ta’til” loyihasi doirasida o‘tkazilgan “Kitobxon bolalar” viktorinasida o‘quvchilardan tuzilgan jamoalar kitobxonlik borasidagi bilim va iqtidorlarini namoyish etdi.


Viktorina davomida jamoalar oldinda e’lon qilingan barcha turkiy xalq¬larning ma’naviy merosi hisoblangan “Alpomish” dostoni, jahon adabiyotining nodir asarlari Ernest Xemenguening “Chol va dengiz”, Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” hamda Paulo Koeloning “Alkimyogar” romanlari asosida tuzilgan savollarga javob berdi.

Murosasiz va qiziqarli savol-javoblar asosida o‘tgan viktorinaning yakuniy natijalariga ko‘ra, “Hikmat izdoshlari” jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin “G‘oliblar”, uchinchi o‘rin esa “Turon” jamoasiga nasib etdi.
Viktorinaning g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari