Kitobning yana bir so‘lim maskani turizm qishlog‘iga aylantirilmoqda
Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidagi «Bashir» qishlog‘i turizm qishlog‘iga aylantirilmoqda. «Hazrati Bashir» ziyoratgohi aynan shu qishloqda joylashgan. Ziyoratgoh nomi shu joyda yashab o‘tgan avliyo Hazrati Sulton Said Ahmad Bashir (1368-1464) nomi bilan bog‘liq.
Qayd etish lozimki, 2022 yilda «Hazrati Bashir» ziyoratgohiga 400 mingdan ortiq mahalliy va xorijiy turist tashrif buyurgan. Ushbu maskan nafaqat betakror tabiati, balki o‘ziga xos tarixi bilan ham e’tiborni jalb qilib keladi.

Manbalarda keltirilishicha, Hazrati Bashirning dunyoga kelishlari ham o‘ziga xos sinoat bilan yuz bergan. Ya’ni, buyuk Sohibqiron bobomiz Amir Temurning piri Said Barakaning ukalari Said Ne’matulloh saroydan chiqib, Kitob tomon yo‘l oladi va tog‘ etagidagi Qoplotun qishlog‘ida piyoz o‘toq qilayotgan dehqon - Hoji Hasan otaning uyida bir necha kun mehmon bo‘ladi. Said Ne’matulloh mezbonning farzandi yo‘qligidan kuyunishini ko‘rib, uning ayoli Bibi Malokatni duo qiladi.
Oradan 9 oy o‘tgach, taxminan 1379 yilda oilada o‘g‘il farzand tug‘iladi va unga Sulton Sayid Ahmad deya ism qo‘yadi. Bu vaqtda Hazrati Bashirning otasi Xo‘ja Hasan 90 yoshda, onasi Bibi Malokat esa 80 yoshda bo‘lgan. Ota-onasi keksa bo‘lganligi sababli chaqaloq ko‘krak sutidan mahrum edi. Shu sababli uni kichikligidanoq «Beshir», ya’ni sutsiz deb ataydilar va u buloq suvini ichib katta bo‘ladi, tabiat uning ikkinchi onasi bo‘lib, Hazrati Bashir bir umr tabiat qo‘ynida istiqomat qiladi.
Bu chashmadan hanuzgacha saratonda ham muzdek, tip-tiniq, shifobaxsh suv oqib turadi. Shu sababli ziyoratgohga kelayotgan aksariyat turistlar, albatta, bu suvdan ichib, o‘zlari bilan ham olib ketishadi.
Hazrati Bashir umri davomida odamlarni mehrli, oqibatli, diyonatli bo‘lishga, halol rizq topishga, o‘z qo‘l kuchi bilan yaratilgan mahsulotni iste’mol qilishga chaqirgan va o‘zi ham bu borada o‘rnak bo‘lib kelgan.
Manbalarga ko‘ra, Hazrati Bashir qishloqdagi Niyoztepada dafn etilgan. El orasida «Hazrati Bashir qabri oldidagi archa daraxti u kishining hassasi bo‘lgan», degan rivoyat yuradi. Aytishlaricha, Hazrati Bashir ota hassasini uloqtirib, «Qayerga borib tushsa, o‘sha joy mening qabrim bo‘ladi», degan ekanlar. Hassa yo‘g‘on tomoni bilan yerga qadalib qoladi. Shuning uchun boshqa daraxtlardan farqli ravishda uning past tomoni ingichka, yuqori tomoni yo‘g‘ondir. Bu tilsimot ham, albatta, turistlarni befarq qoldirmaydi.

«Hazrati Bashir» qishlog‘i Qashqadaryo daryosi bo‘yida joylashgan. Baland-baland chinorlar qishloqqa ko‘rk berib turadi. Hudud tog‘ bilan ham tutashib ketgan. Shuning uchun bu yerda yoz oylari yurtimizning turli viloyatlari va xorijiy mamlakatlardan sayohatchilar ko‘p keladi. Ular Hazrati Bashir otani ziyoratgohini ziyorat qilish bilan birga, daryo bo‘yida dam olishadi.
Qishloqda ziyorat turizmi, ekoturizm va agroturizm rivojlangan.
Ta’kidlash joizki, joriy yilda qishloqqa tashrif buyuradigan sayyohlar sonini 700 mingga yetkazish va qishloqni turizm qishlog‘iga aylantirish uchun qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Hozirda qishloqda 20 dan ziyod oilaviy mehmon uyi faoliyat yuritmoqda. Bu xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun hududda ko‘proq qolish hamda mahalliy xalq turmush tarzi bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
So‘lim tabiat, musaffo tog‘ havosi, shifobaxsh chashma, mehmondo‘st qishloq odamlari, ekologik toza mevalar, mazali taomlar va qalblarga sokinlik bag‘ishlovchi ziyoratgoh sayyohlarni o‘ziga jalb qilishi shubhasiz.
Ma’lumot uchun, Qashqadaryodagi «Varganza» qishlog‘i viloyatdagi birinchi agroturizm qishlog‘i hisoblanadi. Bu yerda 2019 yilda birinchi marta «Anor» xalqaro agroturizm festivali bo‘lib o‘tgan va qishloqqa «agroturizm qishlog‘i» maqomi berilgan.
G.Sattorova, O‘zA