Toshkent shahar "Bilim" axborot-kutubxona markazi hamda Olmazor tuman hokimligi bilan hamkorlikda poytaxtimizdagi Quyosh mahallasi kutubxonasida “Men – muvaffaqiyatli ayolman” loyihasi doirasida “Kitoblar – yetuklikka yetaklar” mavzusida O‘zbekiston xalq artisti Malika Ibrohimova va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Dono Boboxonova bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Mexnat shuxrati” ordeni sohibi Vazira Sobirova mamlakatimizda kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani, bunda ijodkor ziyolilar faol hissa qo‘shayotganini ta’kidladi.
Uchrashuv juda qiziqarli va mazmunli bo‘ldi. San’atkorlar o‘zlarining hayoti, yoshlikdagi qiziqarli voqealar, faoliyatidagi og‘ir, sinoatli, muvaffaqiyatli va zavqli daqiqalar bilan o‘rtoqlashdi.
Ayniqsa, Malika Ibrohimovaning o‘ynagan rollaridan parchalar, monologlari ishtirokchilarni befarq qoldirmadi. Dono Boboxonovaning “Bozor ko‘rmagan yigit” asaridagi chiqishlaridan parcha tadbirga o‘zgacha zavq bag‘ishladi.
N.Usmonova, O‘zA