Kitobda toshdan qurilish materiallari ishlab chiqariladi
Bu haqida Kitob tumani hokimligi delegatsiyasi Venada bo‘lib o‘tgan tashrifida aytib o‘tilgan.
Joriy yil 27-30 avgust kunlari Qashqadaryo viloyati Kitob tumani hokimi O‘ktam Pardayev boshchiligidagi delegatsiyaning Avstriyaga ishchi safari tashkil etildi.
Tashrif doirasida Qashqadaryo viloyatiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va viloyat ishbilarmon doira vakillari va Avstriya biznesmenlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish maqsadida qator uchrashuvlar o‘tkazildi.
Jumladan, safar davomida Avstriyaning «Lasselsberger Group» kompaniyasi bosh direktori Yozef Lasselsberger bilan Kitob tumanida zamonaviy texnologiyalar asosida toshni qayta ishlab qurilish materiallari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.
Mazkur loyiha Kitob tumanida bir necha xildagi qurilish materiallarini ishlab chiqarishni o‘z ichiga oladi. Muzokaralar yakunida loyihani amalga oshirish doirasida sentyabr oyida Yozef Lasselsbergerning Qashqadaryo viloyatiga safarini amalga oshirishga kelishib olindi.
Tashrif mobaynida Qashqadaryo viloyatida raqamli sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish hamda innovatsion texnologiyalarni va yadroviy tibbiyot uskunalarini qo‘llagan holda zamonaviy onkologiya kasalliklariga ixtisoslashgan kasalxona qurish loyihasini ishlab chiqish maqsadida Avstriyaning «AME International GmbH» kompaniyasi direktori Xays Messinger bilan uchrashuv tashkil etildi.
«AME International GmbH» kompaniyasi direktori O‘zbekiston hukumati talabiga ko‘ra, mazkur loyihani boshlashga va ushbu loyiha uchun Avstriya Nazorat banki (OeKB) va «UniCredit Bank Austria AG» tomonidan «soft-loun»lar (imtiyozli kredit liniyalari) ajratilishiga ko‘mak berishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.
Qolaversa, yangi investitsiyaviy va eksport shartnomalarini ishlab chiqish maqsadida Avstriya Federal iqtisodiy palatasi Janubi-Sharqiy Yevropa, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik departamenti direktori Kozime Shtayner bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda Qashqadaryo viloyati iqtisodiy salohiyati, xorijiy investorlar va ishbilarmon doira vakillari uchun yaratilgan keng imkoniyatlar, eksport tovarlari, shuningdek, Kitob tumanida turizm, tog‘-kon sanoati va qishloq xo‘jaligi sohasida mavjud investitsiyaviy loyihalar to‘g‘risida taqdimotlar amalga oshirildi.
Muzokaralar yakunida joriy yilning 5-6 oktyabr kunlari Qashqadaryo viloyatida tashkil etilayotgan xalqaro sanoat forumiga Avstriya ishbilarmon doira vakillarining ishtirokini ta’minlash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishga kelishildi.
O‘zA