Kitob va kitobxonlik
Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida “Kitob va kitobxonlik –inson ma’naviyati ko‘zgusi” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya va kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida “Kitob va kitobxonlik –inson ma’naviyati ko‘zgusi” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya va kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda ta’lim muassasalari, qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlari, axborot-resurs markazlari, kutubxonalar rahbarlari, jamoatchilik vakillari, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirok etdi.Oltinsoy tumani hokimi E.Boyniyozov, Surxondaryo viloyati o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi mas’ul xodimi H.Islomqulov va boshqalar mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviyatini yuksaltirish, milliy adabiyotimiz va san’atimizni yanada rivojlantirish, yoshlarni milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, ijodkorlarning mehnatini munosib rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Axborot kommunikatsiya texnologiyalari kundalik turmushimizdan muhim o‘rin egallayotgan bugungi kunda aholi, ayniqsa, navqiron avlodda kitobga mehr uyg‘otish, ularning mutolaa madaniyatini yuksaltirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. 2016-yilda tumandagi 9 qishloq, 53 mahalla fuqarolar yig‘ini qoshida ko‘chma kutubxonalar tashkil etildi.
– Kelajak avlodning baxtu kamoli, osoyishta va farovon hayotida kitobning alohida o‘rni bor, – deydi “Chinor” mahalla fuqarolar yig‘inining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Zulfiya Chorshanbiyeva. – Yaxshi kitob insonda Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini yuksaltirib, yaxshilik va ezgulikka undaydi. Mahallamiz ahli hududdagi umumta’lim maktabi kutubxonasidan foydalanar edi. Ko‘chma kutubxona tashkil etilgani kitobxonlar uchun juda qulay bo‘ldi.
Tuman “Barkamol avlod” markazi, 66 umumta’lim, 2 musiqa va san’at maktabi qoshida faoliyat yuritayotgan axborot-resurs markazlari hamda kutubxonalarda 45 mingga yaqin elektron o‘quv qo‘llanmalar, ilmiy, badiiy va boshqa kitoblar mavjud. Shundan 6 ming 274 tasi elektron qo‘llanmalardir. 2016-yilda axborot-resurs markazlari va kutubxonlardan o‘ttiz mingga yaqin kitobxon foydalangan. 8 kasb-hunar kollejining zamonaviy axborot-resurs markazlari 75 ming nusxadan ortiq darslik, ilmiy, badiiy va boshqa sohalarga oid adabiyotlar bilan ta’minlangan.
Oltinsoy sanoat kasb-hunar kolleji “Qorliq” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan. Zamonaviy kollejning axborot-resurs markazi yuzga yaqin elektron darslik va turli mavzuga oid 17 ming 820 kitob fondiga ega.
– Kollejimizda komputerdan kerakli ma’lumotlarni olish, internetdan faol foydalanishimiz uchun barcha sharoit mavjud, – deydi ushbu kollej o‘quvchisi Maftuna Xursanova. – Lekin, kitobning o‘rni baribir boshqacha-da. Chunki, dunyoda “ommaviy madaniyat” niqobi ostida turli yot g‘oyalar yoshlar tafakkuriga jiddiy tahdid solayotgan bir paytda ma’naviy kamolotga erishishda kitob, ayniqsa badiiy adabiyotlarning o‘rni beqiyos.
Ilmiy-amaliy konferensiyada kitobxonlikning bugungi ahvoli va muammolari, kitob va kitobxonlik madaniyati, elektron kutubxonalar va xizmat ko‘rsatishning innovatsion yo‘nalishlari xususida fikr almashildi. Kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablari o‘quvchilarining “Kitob – mening hayotim” deb nomlangan badiiy chiqishlari namoyish etildi. “Yilning eng namunali axborot-resurs markazi”, “Yilning eng faol axborot-resurs markazi”, “Yilning eng jajji kitobxonlari jamoasi”, “Eng faol kitobxon”, “Eng faol targ‘ibotchi kitobxonlar jamoasi” yo‘nalishlari bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, munosib taqdirlandi.