Angren shahrida “Bir oyda bir kitob” loyihasi doirasida “Kitob – saodat kaliti” mavzusida Respublika Ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Angren universiteti tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tadbirda shahar hokimi Alisher Rayimov, pedagogika fanlari doktori, professor Muhammadjon Quronov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Zulfiya Mo‘minova, oliygoh rektori Komil Sindorov, olimlar, hamkor davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, talabalar qatnashdi.


Oxirgi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar, axborot texnologiyalari rivojlangani sari aholi orasida kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqish susaygani sezilmoqda. Yangi tashabbus har bir talaba va murabbiylardan kamida bitta kitob mutolaa qilish, eng sara asarlarni boshqalarga ulashish, joylarda munozaralar, kitobxonlik kechalarini ko‘proq tashkil etish rejalashtirilgan.
Tadbir qatnashchilari kitobxonlik odobi, tartib qoidalarini o‘rganish, tez va soz kitob o‘qishning sirlari haqida fikr bildirildi. Mavzuga doir turli muammolarga yechim izlandi, jamiyatda kitobxonlikni ommalashtirish borasida turli takliflar o‘rtaga tashlandi. Qayd etilganidek, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Beshta muhim tashabbusning biri – mamlakatimizda kitobxonlik an’analarini ommalashtirishdir. Shundan kelib chiqib, kitob o‘qishning foydasi, uning inson dunyoqarashi o‘sishidagi ahamiyati qanchalik kuchli ekani aytib o‘tildi.


– Muhimi, mutolaani tez va maqsadli tashkil qilishdir, – deydi Angren universiteti rektori Komil Sindorov. – Bunda o‘quvchi vaqtini to‘g‘ri taqsimlashga erishadi. Biz ham yangi sa’y-harakatlarimizni oliygohda ommalashtirdik. Keyinchalik maxsus guruhlar tashkil qilgan holda Angren shahridagi boshqa ta’lim muassasalari yoshlarini ham qamrab olamiz. Bu jarayonda bizga yaqindan yordam berayotgan hamkor tashkilotlarga minnatdorligimni bildiraman. Ishonamanki, bu kelgusida o‘z samarasini beradi.


Konferensiya davomida Angren universiteti talabalari o‘rtasida tashkil etilgan maxsus grant tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. O‘z yo‘nalishida saralangan iqtidorli bir guruh yoshlarga tashkilotchilar tomonidan pul mukofoti topshirildi.
Shu kuni shahar markazida Ma’naviyat va ma’rifat maskani binosi ham foydalanishga topshirildi. Unda soha vakillari, hudud faollari qatnashdi. Ramziy lenta kesilgach barcha maskanda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. mumkin.


A.Musayev,O‘zA.