Kitob – ma’rifat manbai
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyat Kengashi tomonidan Yoshlar oyligi doirasida “Payshanba – Yoshlar kuni” munosabati bilan mehnat jamoalarida faoliyat yuritayotgan 35 yoshgacha bo‘lgan yosh xodimlar o‘rtasida “Kitob - ma’rifat manbai” dasturi doirasida “Eng faol yosh kitobxon” tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Tanlovning ochilish marosimida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari Xurshid Xalilov so‘zga chiqib, mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yoshlarning ma’naviy-intellektual salohiyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, kitob inson ma’naviyatini boyituvchi, dunyoqarashini kengaytiruvchi va hayotda to‘g‘ri yo‘l tanlashga xizmat qiluvchi muhim manba hisoblanadi.
Tanlov davomida ishtirokchilar o‘zlari mutolaa qilgan adabiyotlar bo‘yicha bilimlarini namoyish etib, nizomda belgilangan shartlar asosida bellashdi.
Hakamlar hay’ati tomonidan ishtirokchilarning bilim saviyasi, fikrlash doirasi, asarlar mazmunini tahlil qilish qobiliyati va kitobxonlik madaniyati baholab borildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni “Navoiyazot” AJning 57-sexi xodimasi Maftuna Qosimova, 2-o‘rinni G‘ozg‘on shahridagi 3-maktab o‘qituvchisi Muslima Ummatova va 3-o‘rinni Uchquduq tumanidagi 7-maktab o‘qituvchisi Zarina Akramova egalladi.

Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlar, shuningdek, faol ishtirokchilar diplom, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri