“Dunyoning o‘zi bozor” deb bejiz aytilmagan. Inson hayoti davomida berilgan rizqini u qayerda to‘kilmagan bo‘lsin o‘sha yerga borib yerkan. Orzu maqsadlariga esa o‘qish va izlanish, turli to‘siqlarni mardonavor yengish orqali erishadi.
O‘zAning “Tengdoshim” loyihasi qahramoni ham o‘z sohasi “bilimdoni” bo‘lish yo‘lida ilm olib, kasb o‘rganib murakkab yo‘lni bosib o‘tgan zamondoshlarimizdan biridir.
Poytaxtlik Iskandar Anvarov 29 yoshda, Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti (WIUT) bakalavr bosqichini tamomlagan. Dastlab mazkur oliygohda ilmiy yordamchi (Research Assistant) so‘ngra “Synel Software Development” va “EPAM Systems” kompaniyalarida dasturchi bo‘lib ishlagan. Ayni payt “Amazon” kompaniyasining Amsterdamdagi ofisida faoliyat yuritmoqda.

Bolaligim qiziqarli kechgan, chunki mahallamiz Kibernetika, Seysmologiya va Energetika institutlari yonida joylashgan edi, – deydi Iskandar Anvarov. – Tengqurlarim bilan o‘sha yerdagi o‘tgan asrdan qolgan eski uskunalar atrofida o‘ynab yurganimiz hamon yodimda. IT mutaxassislari orasida ulg‘ayganman, desam ham bo‘ladi. Otam Jahon tillari universitetida “Axborot texnologiyalari” fanidan o‘qituvchi, amakim esa “O‘zbekneftgaz”da dasturchi edi. Otam 7-sinfdan boshlab dasturlash tili bo‘yicha video qo‘llanma yordamida o‘qitar, qiynalganimda ko‘maklashardi. Shu sababli ukalarim bilan yoshlikdan kompyuterga qiziqqanmiz. Yozgi ta’tilni ham veb-sayt yaratish, HTML/CSS yo‘nalishida boshlang‘ich bilim olish bilan o‘tkazardik. Universitetda iqtisodiyot yoki IT yo‘nalishi orasida ikkilanib turganimda, otamning maslahatiga ko‘ra, “Business Information Systems” fakultetini tanlaganman.
Dars ingliz tilida o‘tilishi, mustaqil izlanishga urg‘u berilishi, bilimga chanqoq talabalar ko‘pligi mazkur oliygohning jozibador tomonlari, deyish mumkin. Deyarli barcha o‘qituvchilarimiz xorijda magistratura yoki doktoranturani tamomlagan. Ular bizni chet elda tajriba orttirishga chorlar, nufuzli oliy o‘quv yurtlari imkoniyati bo‘yicha turli maslahatlar berishardi. Talabalik davrimda amaliyotni “Nihol-Komtex” kompaniyasida o‘taganman.
“Amazon” sari yo‘l
FAANG (“Facebook”, “Amazon”, “Apple”, “Netflix”, “Google”)ga qiziqish uyg‘ondi. Ushbu kompaniyalardagi jarayon bilan tanishish chog‘ida ishga kirish haqida o‘ylay boshladim. Suhbatdan o‘tishga sakkiz oy davomida tayyorgarlik ko‘rdim. Bunda “FAANG”da ishlaydigan vatandoshlar, tanish-bilishlar shaxsiy tajribasi asosida yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishdi. To‘g‘ri, bunday yirik korxonalarga joylashish oson emas. Binobarin, bu yo‘ldagi muayyan bosqichlar xususida yetarli tasavvur bo‘lsa va qunt bilan tayyorlanilsa jarayon nisbatan oson kechadi. Sinov-intervyuda ikki xil yo‘nalish bo‘yicha texnik savollar beriladi: “Algorithm and Data Structures” (Algoritmlar) va “System Design” (Tizim arxitekturasi). Algoritm bo‘limiga “Cracking the coding interview” kitobi va “LeetCode Patterns” sayti, Tizim arxitekturasiga esa “System Design Interview” kitobi va “Grokking System Design” onlayn kursi orqali tayyorlandim. Albatta, bu resurslar bilan cheklanib qolmay, internet orqali mavzu bo‘yicha qo‘shimcha izlandim. 2022 yil mart oyida FAANG va boshqa bir necha kompaniyaga hujjat topshirdim. Intervyulardan o‘tishga taxminan ikki oy vaqt ketdi. Qulay tomoni shundaki, suhbatdan dunyoning har qanday chekkasidan turib ham o‘tsa bo‘ladi. Masalan, men barcha shartlarni O‘zbekistonda turib bajarganman.

“Facebook”, “Deliveroo”, “Google” kompaniyalaridan rad javobi oldim. “Amazon”, “Booking.com”, “Uber” esa nomzodimni qabul qildi. Men “Amazon”ni tanladim. Mazkur kompaniya Yevropaning ko‘plab davlatlarida o‘zi ofisiga ega. Ishlash uchun davlat va jamoani tanlash imkoni berilarkan. Men Niderlandiyani tanladim va shu tariqa L5 darajali “Software Development Engineer” (SDE L5) sifatida faoliyat boshladim. “Amazon”dagi imkoniyat, shart-sharoit va ayniqsa intervyularda uchragan odamlar sabab, menga aynan shu yo‘l ma’qul tushdi. Bu yerda oilali xodimlarga ham juda yaxshi imkoniyat yaratilgan. Uydan ishlashga chegara qo‘yilmaydi, boshqa davlatdagi idoraga borib ishlamoqchi bo‘lsangiz barcha xarajat qoplab beriladi, bir necha servisdan foydalanishda chegirma beriladi.
Niderlandiyani tanlashimga bir necha sabab bor. Birinchidan, mazkur davlatda yaqin do‘stlarim ko‘p, bu begona joyga moslashish oson kechishida yordam berdi. Ikkinchidan, Niderlandiyada ikkinchi til ingliz tili ekanligi ham qo‘shimcha qulaylik yaratdi. Yana bir muhim sabab bu chet elliklarga beriladigan keng imkoniyat. Masalan, sohangiz davlat rivoji uchun muhim hisoblansa va maoshingiz o‘rtachadan yuqori bo‘lsa 30 foizlik daromad solig‘idan ozod etilasiz. IT aynan shunday yo‘nalish. Kerakli hujjatlar topshirilgach hukumat komissiyasi tekshirib chiqib, ikki oy ichida natijasi haqida ma’lumot beradi. Qolaversa, viza olish va ko‘chish jarayoni ham oson kechdi. Niderlandiyaga viza olish uchun o‘zbekistonliklar Qirollikning Moskvadagi elchixonasiga murojaat qilishiga to‘g‘ri keladi. Agar xorij tomon chaqirayotgan bo‘lsa, viza olish jarayonining asosiy qismini ish beruvchining o‘zi bajaradi. Menda ham shunday bo‘ldi. Xorijga ko‘chib kelishdan avval uy ijarasi, soliq va tibbiy sug‘urta kabi masalalarni yaxshilab o‘rganish juda muhim. Zero, yirik shaharlarda imkoniyat yaxshi bo‘lgani uchun ijaraga uy olish murakkab va ko‘p vaqt talab qiladi. Qonun bilan bog‘liq majburiyatlar, masalan, soliq yoki sug‘urta masalasiga, garchi ish beruvchi yordam bersada, baribir puxtalik bilan yondashish kerak.

Yana bir gap: O‘zbekistondan Niderlandiyaga “junior” (boshlang‘ich) darajali ish izlab kelish qiyin. Mahalliy kompaniyalar, odatda, “middle” (o‘rta) darajadan boshlab ish taklif qiladi. Yillik ish haqi, soha va tajribaga qarab, 60-80 ming yevro atrofida belgilanadigan bunday faoliyatda kompaniyaning ahvoli, professional tajriba, tor soha mutaxassisligi, o‘xshash loyihada qatnashganlik, suhbatdan qanday o‘tganlik kabi omillar muhim. Aytgancha, yuqorida keltirilgan raqamlarga maoshdan tashqari turli bonus va aksiyalar qo‘shilgan. Xarajatga kelsak, oylikning 40 foizdan ko‘prog‘i daromad solig‘i, ijtimoiy sug‘urta va pensiya jamg‘armasiga ketadi. Pensiya jamg‘armasi 2 foizdan boshlanib, xohishga ko‘ra oshirilishi mumkin. Amsterdam va yaqin atrofdagi shaharlarda uy ijarasi ancha qimmat. Daromadning 30 foizi ketadi. Majburiy tibbiy sug‘urta esa kishi boshiga bir oy uchun 135 yevrodan boshlanadi. Ota-ona sug‘urtasi 18 yoshgacha bo‘lgan farzandi uchun ham o‘tadi.
Fikrimcha, yaqin kelajakda sun’iy intellekt ish kuchi inqilobiga sabab bo‘lishi mumkin. Masalan, taksi haydovchisi o‘rnini hozirgi “avtopilot” bosa oladi. Tannarx, qonunchilik, mas’uliyat chegarasi kabi masalalar yechimi vaqt bilan bog‘liq. Bundan tashqari, HR, buxgalteriya, yuristning bazaviy ishi hamda qog‘ozbozlik tizimlashishini ham sun’iy intellekt o‘z zimmasiga oladi. Ochig‘i, aksariyat yoshlar daromadi yuqori bo‘lgani uchun dasturlash sohasini tanlayotgani “normal” holat, deb bilaman. Bu kelajakni o‘ylab qadam tashlashdir. Lekin qiziqishsiz muvaffaqiyatga erishish oson emas. Muhim jihati, dasturlashda chuqur bilimga ega bo‘lmasdan yuqori daromadga chiqish ham qiyin.

Qolaversa, axborot texnologiyalari tez o‘sayotganligi sababli, soha murakkablashib, dasturchilar oldiga yangi-yangi talablar qo‘yilmoqda. Masalan, men faoliyatimni endi boshlaganimda, 3-4 xil texnologiyani bilish yetarli edi. Hozir esa “sloud-computing”, “distributed system” kabi yangi tushunchalar kirib kelgan. Shu bilan birga, ish o‘rni ko‘payib, xodimlar vazifaga qarab bo‘linayotgani quvonarli. Bu jarayonda dasturchi ish topishi va o‘zini yo‘naltirishi osonroq kechadi.
O‘zbekiston bozorida internet shiddat bilan kengayib borayotgani, IT kompaniyalar turli soliqlardan ozod etilayotganini e’tirof etish kerak. Shuningdek, frilanserlar uchun qonuniy ish yuritish imkoni ham kengaymoqda. Bundan tashqari, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yangi universitetlar, o‘quv markazlari, mahalliy onlayn-saboq servislari ochilishi chekka hududlar yoshlari uchun ham sohani o‘rganish imkonini bermoqda.
O‘zga yurtdagi hayot dunyoqarashni kengaytiradi
Niderlandiyadagi hayotni ko‘rib vaqt qadrini, dunyo kengligini chuqurroq angladim. Ko‘p millatli bu davlatda yer sharining deyarli, barcha chekkalaridan kelgan insonlarni ko‘rish mumkin. Dini, madaniyati, urf-odati har xil odamlar umuminsoniy qadriyatlarni birdek hurmat qiladi. Bundan tashqari, inson oilaviy tashvish bilan cheklanib qolmasligi, imkoniyati cheklanganlarga qo‘ldan kelgancha yordam berishi kerakligini tushunyapman. Ochig‘i, Niderlandiyada ishlash sharoiti boshqacha. Bu yerda dam olish kuni yoki belgilangan vaqtdan keyin ishlash noodatiy hisoblanadi. Shuning uchun sotuv va xizmat shoxobchalari jadval bo‘yicha 22:00 da yopiladi. Davlat xizmatida ishni tezlashtirib bo‘lmaydi. Har bir masala oldindan belgilangan vaqtida ko‘rib chiqiladi. Xizmat ko‘rsatish sifati juda yuqori, tizimlar to‘liq, mukammal ishlaydi.

Kitob – maqsadli insonga ma’naviy qurol
Dasturchi bo‘lsam-da badiiy mutolaaga muntazam vaqt ajrataman. Jek Londonning “Martin Iden” va “Dengiz bo‘risi” asarlari sevimli kitoblarim. Umuman, kitob – maqsadi bor odamga ma’naviy qurol, deb o‘ylayman. Viktor Gyugoning “Kulayotgan inson”i ham yaxshi taassurot qoldirgan. Tarixiy voqealar, insonlarning o‘zaro munosabati, qadriyat va boylikning qorong‘i tomonlarini yoritadigan, yaxshilik qadrini yomonlik soyasida ko‘rish, insoniylik va hamdardlik tuyg‘ularini anglashga chaqiradigan asar. Erik Mariya Remarkning urushdan qaytganlar hayoti, keyingi kechinmalari mohirona ochib berilgan “Uch og‘ayni” asari ajoyib kitoblar sirasiga kiradi.
Dasturlash qiziq va shu bilan birga murakkab soha. Faoliyat davomida natijasiz urinishlar ham ro‘y berib turadi. Aslida, ana shu muvaffaqiyatsizlik o‘rganish, ko‘proq bilishning eng samarali yo‘li. Boisi, kishiga dastur foydasizligi sababini tushuntirib, nima uchun ishlashi kerakligini anglatadi. Muvaffaqiyatsizlikka duch kelganimda muammoning egiziga qarayman. Ya’ni, muammoga izoh, kutilayotgan samara mohiyatini topsam, yechim qidirish yengillashadi. O‘zim baxtli yashab, o‘zgalar baxtiga ham sababchi bo‘lsam, deyman. Kasbimni yuqori darajada egallab, bilimim va tajribam bilan bo‘lishish, vatanimga qaytib, jamiyatga foyda keltirish – eng oliy maqsadlarimdan biri.

O‘tkir MIRZO yozib oldi.
O‘zA