Qashqadaryoning saxovatli zaminida yetishtirilgan meva va sabzavotlar o‘zgacha ta’mi bilan ajralib turadi. Quyoshning beminnat zarrin nurlari ostida yetilib pishgan bunday mahsulotlar nafaqat ichki bozorlarda, balki xorijda ham mashhur.
Masalan, anorchilik viloyatning barcha tumanlarida yaxshi rivojlangan. Ayniqsa, Kitob tumanining salqin ob-havosi, daryo va buloqlardan keluvchi shirin suvi hamda unumdor tuprog‘i anor daraxtlarining baravj o‘sishi, mevasining sifatli bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi. Buni yaxshi anglagan kitoblik bog‘bonlar anorchilikda o‘ziga xos maktab yaratib, nafaqat yurtimizdagi oziq-ovqat bozorlariga sifatli anor mahsulotlarini yetkazib bermoqda, balki xorijga ham eksport qilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tumanda jami 9 ming 160 gektar bog‘ bo‘lib, shundan 5 ming 691 gektari tokzor, 767 gektari anorzorlarni tashkil etadi. Yiliga 3 ming tonna atrofida anor mahsuloti eksport qilinadi.
Hududdagi Varganza anorchiligi haqida ko‘p bora yozganmiz. Bu gal tumanning “Paxtaobod” MFYga qarashli Beshterak qishlog‘ida faoliyat yuritayotgan tajribali anorchilar haqida hikoya qilmoqchimiz. Mazkur mahalladagi deyarli har bir xonadonda anorzorlar bor.
Mana shunday tajribali bog‘bonlardan biri Jamol bobo Muxtorov. Ayni paytda besh gektar maydonda dehqon xo‘jaligi tashkil qilib, anor yetishtirmoqda. Bog‘bonning kuni erta tongdan anorzorlarni aylanishdan boshlanadi. Haqiqiy rohat mashaqqatli mehnat ortidan keladi, deydi bog‘bon.
[gallery-19583]
– Anor yetishtirish, tinimsiz mehnatni talab etadi, – deydi Jamol bobo. – Boisi yilda ikki marta bahorda va kuzda tagini bellash kerak. Parazitlarga qarshi dorilash, ortiqcha mevalarini chilpish va, albatta, kech kuzda ko‘mish lozim. Anor suvsevar o‘simlik, vegetatsiya davrida 8-10 martagacha sug‘orish, mahalliy o‘g‘it bilan oziqlantirish kerak. Bu esa tinimsiz mehnatni talab qiladi. Shundagina kutilgan hosilni olasiz. Yaxshi mehnat qilinsa, rohati ham shunga yarasha bo‘ladi.
Bog‘bonning aytishicha, ayni paytda anorzorda po‘sti yupqa va qalin 4-5 xil navli anor daraxtlari parvarishlanmoqda. O‘tgan yili 10 tonna hosil olingan bo‘lsa, joriy yilda 15 tonna anor olishni mo‘ljallashmoqda.
– Anor daraxti yil o‘tgan sayin kuchga to‘ladi, – deydi J.Muxtorov. – Asosan 5-6 yoshdan boshlab mo‘l hosil bera boshlaydi. Shuning uchun daraxtni sovuqqa oldirib qo‘ymaslik juda muhim. Bir marta sovuq o‘rsa, yana 4-5 yil kutishga to‘g‘ri keladi. Anor ko‘chatlarimiz 5 yoshga to‘lgan va shu yildan yaxshi hosilga kirib boshladi.
– Anorchilikdan qancha daromad olasiz agar sir bo‘lmasa, so‘raymiz undan.
– Mehnatga yarasha, rohati ham bor, – deydi bog‘bon. – Anorning varganza, dashtnobod, oqpishar, shirindona navlaridan ekkanmiz. Masalan, o‘tgan yili 10 tonna hosil olganmiz. Bu yil 15 tonna atrofida hosil olishni mo‘ljallab turibmiz. Bundan tashqari bir gektar nashvatizorimiz ham bor. U ham yaxshi hosil beradi. Endi bozor narxiga qarab daromadni chamalayverasizda. Bizga bog‘bonchilik bobomeros, shuning ortidan turmushimiz farovon, ro‘zg‘or obod. Orzu- havaslarni amalga oshiryapmiz. Birorta farzandimni xorijga ishga jo‘natganim yo‘q. Mana shu yerda bog‘bonchilik qiladi. Ro‘zg‘orini tebratadi.
Beshteraklik bog‘bonlar anorlarning yupqa po‘stligini teriboq sotishadi. Qalin po‘stligini bahorgacha saqlab, asosan eksportga yo‘naltiradi. Polietilen paketlarga har bir donasini alohida solib maxsus omborda saqlashadi.
Sersuv va yirik-yirik anor mevalarini ko‘tarolmay qolgan shoxlar egilib qolgan. Anorni bunday sifatli yetishtirish sirlarini dehqondan so‘raymiz.
– Anor uchun eng muhim ozuqa mahalliy o‘g‘itdir, – deydi bog‘bonning o‘g‘li Jahongir Muxtorov. – Uyda chorvamiz ham bor. Ulardan chiqqan porini maxsus yamada kompas qilamiz va bahorda anorlarning tagini yumshatishdan oldin solamiz. Poridan qancha ko‘p berilsa, anor mevasi shuncha katta bo‘ladi. Bundan tashqari, kechki gullarini chilpish ham muhim tadbirlardan. Anor asosan may oyida gullaydi. Mana shu oydagi gullarini hosilga qoldiramiz. Keyingi oylardagi gullarini uzib tashlaymiz. Yo‘qsa, daraxt mevasi ko‘payib ketib, yetishtira olmay qoladi.
Albatta, bunday anorlar xaridorgir bo‘ladi. Ushbu qishloq bog‘bonlari mahsulotini bozorga ham olib bormaydi. Chunki terim mavsumi boshlandi deguncha ulgurji xaridorlarning qadami uzilmaydi qishloqdan.
Albatta, saxovatli zaminimizda qo‘li gul bog‘bonu dehqonlar tomonidan yetishtirilgan bu kabi sarxil mevalar bozorlarimiz to‘kinligida, dasturxonlarimiz butligida muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari