Kislorodli konsentratorlar narxi nega turlicha?
Koronavirus epidemiyasi tufayli butun dunyo aholisi kislorodli konsentratorlar va oʻpkani sunʼiy shamollatish apparatlari(IVL) borligi haqida bilib oldi.
Koronavirus epidemiyasi tufayli butun dunyo aholisi kislorodli konsentratorlar va oʻpkani sunʼiy shamollatish apparatlari(IVL) borligi haqida bilib oldi.
Ayniqsa kislorodli konsentratorlar mavzusi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda. Mazkur maqolada konsentratorlar haqida ayrim maʼlumotlarni berib oʻtamiz.
Bu oʻzi nima?
Internet makonida turli narxdagi qurilmalarni yetkazib berish taklif etilayotgan reklamalar juda koʻp. Bunda koʻplab ishlab chiqaruvchilarning turli modellarining texnik parametrlari va imkoniyatlarini aniqlashda hatto mutaxassislar ham qiynaladi.
Kislorodli konsentratorning ishlash prinsipi quyidagicha: u ikki silindrdan iborat boʻlib, xona havosi seolit sharchalaridan tashkil topgan toʻr - “molekulyar gʻalvir”dan oʻtib, azot molekulalarini ushlab qoladi, kislorod molekulalarini esa oʻtkazadi. Natijada kislorod konsentratori 95% kislorod aralashmasini ishlab chiqaradi.
Eng ommabop modellarda kislorod yetkazib berish tezligi oʻrtacha daqiqasiga 3 litrdan 5 litrgacha tashkil etadi.
Ijro shakli boʻyicha uskunalar statsionar va koʻchma boʻladi. Turli modellarning narxi bir necha yuz dollardan bir necha ming dollargacha boʻlishi mumkin.
Tibbiy kislorodli konsentratorlar kasalxonalarda, sanatoriy-kurort muassasalarida, reanimobillarda ishlatiladi. Bunda apparatlar maqsadiga koʻra turlicha boʻladi: masalan, oʻpka va yurak xastaliklarida shoshilinch yordam koʻrsatish yoki davomli kislorod terapiyasi.
Uyda foydalaniladigan kislorod konsentratorlarining samaradorligi past boʻladi (1 daqiqada 1-3 litr). Bu ixcham, foydalanishga qulay, zamonaviy dizaynga ega uskuna.
SIPAP-terapiya
Koronavirus pandemiyasi tufayli ogʻir va oʻta ogʻir holatdagi bemorlar uchun davolash amaliyotida oʻpkani sunʼiy shamollatish yoki SIPAP-terapiya qoʻllanilishi haqidagi xabarlar tez-tez qulogʻimizga chalinmoqda.
Constant Positive Airway Pressure, CPAP – doimiy ijobiy bosim bilan oʻpkani sunʼiy shamollatish rejimi. SIPAP-terapiya klinik amaliyotga 1981-yilda avstraliyalik vrach professor Kolin Sallivan tomonidan qoʻllanilgan.
SIPAP-apparat kichikroq oʻlchamli kompressor boʻlib, u qayishoq trubka va germetik burun niqobi orqali maʼlum bosim ostida nafas yoʻllariga doimiy havo oqimini uzatib turadi. Shu tarzda u nafas yoʻllarining bitib qolishi va havoni (va organizm uchun zarur boʻlgan kislorodning) toʻsib qoʻyilishining oldini oladi. Natijada kislorod yetishmasligi tufayli toʻsatdan oʻlim holati sodir boʻlishi ististo qilinadi va normal uyqu taʼminlanadi.
Hozirgi kunda bozorda koʻp sonli ishlab chiqaruvchi firmalarning kislorodli konsentratorlari va SIPAPlarning turli tuman modelari mavjud (BIPAPlar, AvtoSIPAPlar va boshqa modifikatsiyalar). Texnik xarakteristikalar va maqsadidan kelib chiqib ularning narxlari ham ancha farqlanadi.
Narxlari qanday?
Bugungi kunda uy sharoitida foydalaniladigan kislorodli konsentratorlarning 200 dan 1000 AQSH dollarigacha boʻlgan modellari keng sotilmoqda.
Kislorodli konsentrator narxiga bir necha omillar taʼsir koʻrsatadi.
Ularning eng asosiysi – moslamaning samaradorligi. Masalan, 1 daqiqada 3 litrgacha kislorod ishlab chiqaradigan kislorodli konsentrator 10 litrli kuchli agregatdan ancha arzon turadi.
Shuningdek oqimning kislorodga toʻyinganligi kabi koʻrsatkich ham muhim ahamiyatga ega. Samaradorligi bir xil boʻlsada, toʻyinganlik darajasi 85 dan 95% gacha farq qilishi mumkin. Ishlab chiqariladigan gaz aralashmasida kislorod darajasi qanchalik yuqori boʻlsa, moslama shunchalik qimmat turadi.
Narxni belgilovchi yana bir shart – bu moslama ishlab chiqarilgan mamlakat bilan bogʻliq. Eng qimmat uskunalar Germaniya va AQSHda ishlab chiqariladi. Xitoyda ishlab chiqarilgan maishiy kislorodli konsentratorlar koʻpincha sifati boʻyicha ulardan orqada qolmaydi, ammo narxi ancha arzon.
Narxni shakllantiruvchi yana bir omil – bu uning funksionalligi. Tibbiy texnika bozorida uy uchun moʻljallangan kislorodli konsentratorlarining turli tuman modellari: eng oddiysidan yuqori texnologiyali turlarigacha mavjud. Eng funksional uskunalar nafaqat uyda, balki klinik sharoitlarda ham qoʻllanilishi mumkin. Ularda IVL apparati, narkoz apparatlari, neonatal stoliklarini bevosita ulash imkoniyati koʻzda tutilgan.
Koʻrinib turibdiki, shaxsiy foydalanish uchun uyga uskuna sotib olish bilan tibbiy muassasalar uchun uskunalar sotib olish jarayoni tubdan farq qiladi va bu tibbiyot xodimlarining qatʼiy nazorati ostida amalga oshiriladi.