
Vatanimiz tarixidagi 9 aprel sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1336 yil (bundan 689 yil oldin) – o‘rta asrlarning yirik davlat arbobi, buyuk sarkarda Amir Temur tavallud topdi. Uning otasi Muhammad Tarag‘ay barlos urug‘ining nufuzli beklaridan bo‘lib, xudojo‘y kishi sifatida shayxlar bilan yaqin munosabatda bo‘lgan. U 1360 yili vafot etgan va Kesh shahrida dafn etilgan. Onasining ismi Tegina Xotun edi.
Amir Temur kishilik sivilizatsiyasining daholaridan biri, Sharq va G‘arbni mo‘g‘ullar hukmronligidan ozod etgan, Temuriylar Uyg‘onish davri poydevorini qo‘ygan buyuk shaxs. U 1370–1405 yillarda o‘zbek davlatining boshlig‘i bo‘ldi. O‘rta dengizdan Xitoy devori, Moskvadan Dehligacha ulkan kenglikni qamrab olgan saltanat asoschisiga aylandi. Ilm-fan, madaniyat, qurilish-me’morchilik homiysi sifatida maydonga chiqdi.
1908 yil (bundan 117 yil oldin) – Toshkent shahrida Ahmadjon Bektemirov muharrirligida jadidlarning “Osiyo” gazetasi nashr etila boshlandi. “Xurshid”, “Shuhrat” gazetalari ishini davom ettirib, maorif sohasidagi islohotlar, dunyoviy ilmlarni o‘rganish zarurligi, ma’naviy va iqtisodiy masala-muammolar to‘g‘risida yozilgan maqolalar va she’rlarga keng o‘rin ajratildi. Gazeta jami 5 soni chiqqach, mustamlakachi ma’murlar tomonidan yopilgan.
1918 yil (bundan 107 yil oldin) – jadidchilik harakatining yo‘lboshchilaridan biri Munavvarqorining uyida to‘plangan jadidlar Toshkentning Yangi shahar kismidagi Ozodlik uyida ochilgan Turkiston xalq dorilfununining musulmon bo‘limini tashkil etish maqsadida 9 kishidan iborat tashkilot komissiyasini tuzdi. Ular 22 kun ichida musulmon bo‘limi dasturlarini ishlab chiqdilar.
1920 yil (bundan 105 yil oldin) – yozuvchi, siyosatshunos olim, davlat va jamoat arbobi Abdurauf Fitrat tashabbusi bilan “Tong” jurnali nashr etila boshlandi. “Yashasin ilmiy, adabiy, ijtimoiy o‘zgarish!”, “Miya o‘zgarmaguncha boshqa o‘zgarishlar negiz tutmas!”, “Yashasin Sharq qutulishi!” shiorlarining o‘ziyoq bu jurnalning qanday maqsadda tashkil etilgani va qanday yo‘nalishga ega bo‘lganini yaqqol namoyish etadi. Fitrat ushbu jurnalni nashr etishda shogirdi Botudan mas’ul kotib sifatida foydalandi.
1944 yil (bundan 81 yil oldin) – O‘zbekiston xalq baxshisi Shoberdi baxshi (taxallusi; asl nomi Shoberdi Boltayev) tavallud topdi. U dostonchilikni Xushboqbaxshidan o‘rgangan, asosan do‘mbira jo‘rligida kuylaydi. Ilk ijodini termalar aytishdan boshlagan. Uning repertuaridan “Alpomish”, “Kuntug‘mish”, “Oyparcha”, “Sanam gavhar”, “Oltin qaboq”, “Suluvxon”, “Malla savdogar” kabi dostonlar o‘rin olgan. U 1999 yilda “Alpomish” dostonining 1000 yilligi oldidan Termizda bo‘lib o‘tgan O‘rta Osiyo baxshilari ko‘rik-tanlovining sovrindori bo‘lgan.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayyosatining qarori bilan Andijon viloyatidagi Sovetobod shahrining Xonobod, Lenin tumanining Asaka degan, Buxoro viloyatidagi Sverdlov tumanining Jondor degan, Toshkent viloyatidagi Kommunistik tumanining Yuqori Chirchiq, G‘alaba tumanining Quyi Chirchiq degan tarixiy nomlari qayta tiklandi. Toshkent viloyatidagi Kalinin tumanining nomi Zangiota tumani, Orjonikidze tumanining nomi esa Qibray tumani deb o‘zgartirildi.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayyosatining qarori bilan Andijon viloyatidagi Buloqboshi, Samarqand viloyatidagi Toyloq va Farg‘ona viloyatidagi Furqat tumanlari tuzildi.
1996 yil (bundan 29 yil oldin) – Toshkent, Samarqand va xorijiy mamlakatlarda YUNESKO rahbarligida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligi keng nishonlandi.
2001 yil (bundan 24 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida o‘rmonlarning qo‘riqlanish toifalari bo‘yicha bo‘linishini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2008 yil (bundan 17 yil oldin) – “O‘zbekiston Respublikasining yadroviy terrorizm aktlariga qarshi kurash to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaga (Nyu-York, 2005 yil 13 aprel) qo‘shilishi haqida”gi Qonun qabul qilindi.
2008 yil (bundan 17 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining 90 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA