25 iyul kuni poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasi, Toshkent moliya instituti qoshidagi Oliy o‘quv yurtlariaro sport majmuasida Muhammad al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek hamda Abu Ali ibn Sino nomidagi tayanch ixtisoslashtirilgan maktablariga kirish imtihonlari uch smenada bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda farzandini Prezident maktablari, ixtisoslashtirilgan maktablarda o‘qitish istagida bo‘lgan ota-onalar safi yil sayin ortib bormoqda. Bu esa ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tibor, o‘g‘il-qizlarga zamonaviy asosda bilim berish borasidagi ijobiy o‘zgarishlarning samarasidir.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi matbuot xizmatiga ko‘ra, Tayanch ixtisoslashtirilgan maktablariga jami 18 ming 831 ta hujjat qabul qilingan. Xususan, Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabiga 2 ming 116 ta, Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabga 2 ming 880 ta, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabiga 13 ming 835 ta hujjat qabul qilingan.

–Bir bosqichli mazkur imtihonda o‘quvchilar matematika va ingliz tilidan o‘z bilimlarini sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldilar, – dedi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktori Alisher Ubbiyev. – Imtihonlar natijalari xorijiy va mahalliy mutaxassislar tomonidan tahlil qilinadi.
Bolalar 90 daqiqa vaqt mobaynida matematikadan 30 ta va ingliz tilidan 15 ta topshiriqni test shaklida ishladilar.
–Imtihonlarni yuqori saviyada tashkil etish uchun zarur barcha choralar ko‘rildi, – dedi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy markazi direktori Dilrabo Davidova. – Ko‘rinib turibdiki, o‘quvchi bolalar ham mazkur imtihonlarga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rishgan.
Darhaqiqat, o‘quvchi bolalar test imtihonlariga yaxshi tayyorgarlik ko‘rganlar. Ularning har bir xatti-harakati turli shubha va gumonlardan xoli ekani, har kim o‘z bilganicha imtihon savollariga javob berayotgani e’tiborga molikdir.
Biz test topshirib chiqqan bolalarning ayrimlari bilan suhbatlashdik.
–Test savollari unchalik ham qiyin emas ekan, –dedi Toshkent shahridagi 185-maktab o‘quvchisi Humoyun Odilov. – Men test topshiriqlarini ishlashda sira qiynalmadim.
–Topshiriqlarni bilganimcha ishladim, – dedi poytaxtimizdagi 194-maktab o‘quvchisi Osiyo Zoitova. – Bilmaganlarimning javobini esa taxminan yozdim.
–Men ozgina qiynaldim, – dedi Toshkentdagi 266-maktab o‘quvchisi Azizbek Alijonov. – Shunga qaramay, bir soatu o‘n minutlarda barcha test topshiriqlarini ishlashga muvaffaq bo‘ldim.
Imtihonlar belgilangan talablarga mos tarzda, tartibli, yuqori saviyada o‘tkazildi.
Imtihonlar 26 iyul kuni ham davom etadi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA