Keyingi yillarda ichki ishlar organlari kinologiya bo‘linmalarining faoliyatini takomillashtirish, sohada xizmat itlarining naslchiligi ishlari samaradorligini oshirish hamda xizmat itlarini tayyorlash va ushbu yo‘nalishda kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining «Ichki ishlar organlarining kinologiya xizmatlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2019 yil 9 sentyabrdagi 750-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” gi qarori Ichki ishlar organlari kinologiya bo‘linmalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va xodimlarni moddiy rag‘batlantirish, shuningdek, aholiga pullik xizmatlar ko‘rsatishni huquqiy tartibga solish hamda sohaga doir qonunchilik hujjatlarini o‘zaro muvofiqlashtirishga xizmat qilmoqda.


–Mazkur qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi xizmatining jamoat tartibini saqlash boshqarmasi Kinologiya bo‘linmasining boshlig‘i, podpolkovnik Ruslan Uteuliyev. – Jumladan, kinologiya bo‘linmalarida jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli itlarni umumiy bo‘ysunuvchanlik va himoya-qorovul ko‘nikmalariga tayyorlash, naslchilik pitomnigida yetishtirilgan va ichki ishlar organlarining ehtiyojidan ortiq bo‘lgan hamda xizmatga yaroqsiz deb topilgan itlarni sotish bo‘yicha aholiga pullik xizmatlar ko‘rsatilmoqda. O‘tgan yili 8 nafar, joriy yilda 5 nafar jismoniy va yuridik shaxsga tegishli itlarni umumiy bo‘ysunuvchanlik va himoya-qorovul ko‘nikmalariga tayyorlash bo‘yicha pullik xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, o‘tgan yili ehtiyojdan ortiq va xizmatga yaroqsiz deb topilgan 14 ta, joriy yilda 4 ta xizmat iti aholiga sotildi.


Ma’lumot o‘rnida qayd etish joiz, 2024 yil davomida Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi kinologiya bo‘linmasi hamda birinchi, ikkinchi va uchinchi zonal hududlar, zonal muvofiqlashtirish markazi kinologiya guruhlari xodimlari tomonidan xizmat itlari ishtirokida 428 ta jinoyat ishiga qarshi kurashilgan, joriy yilning o‘tgan oylari mobaynida esa xizmat itlari ishtirokida 308 ta jinoyatning fosh etilishiga erishildi. Ularning 92 tasi giyohvand moddalar bilan bog‘liq, 207 tasi o‘g‘rilik, 1 tasi qotillik va 8 tasi boshqa turdagi jinoyatlarni tashkil etadi.
Ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar kinologiya bo‘limlari faoliyatini takomillashtirish, xodimlarning kasbiy malakasini oshirish, xizmat itlari yordamidan samarali foydalanish, jinoyatchilik va huquqbuzarlikning barvaqt oldini olishda aholi bilan hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.