Kinoijodkorlar bilan uchrashuvlar davom etmoqda
Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan “Ipak yo‘li durdonasi” XIV Toshkent xalqaro kinofestivali davom etmoqda. Xalqaro tadbir doirasida jahonga mashhur kino ishlab chiqaruvchilarning 150 ta badiiy, hujjatli va qisqa metrajli filmlari namoyish etiladi.
Bundan tashqari, kinofestival kunlarida kino ishlab chiqarish, ta’lim, filmlar namoyishi, film yaratish jarayoni bilan bog‘liq 20 dan ortiq keng ko‘lamli tadbirlar o‘tkaziladi. Jumladan, yosh kinoijodkorlar uchun master klasslar tashkil etilmoqda.

"Kinochilar uyi" ning kichik zalida real voqealarga asoslangan Amerika dramasi "Minamata" filmining namoyishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu filmda Jonni Depp amerikalik fotograf Smit rolini o‘ynagan. Filmda u simobdan zaharlanishning Minamata, Kumamoto, Yaponiya aholisiga ta’sirini ko‘rsatib bergan. Film hayotiy va syujetlarga juda boy.
“Minamata” filmi namoyishidan so‘ng kinoijodkorlar va aktyor Jonni Deppning tomoshabinlar bilan onlayn ijodiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Yosh ijodkorlar, talabalar bu master klassni intiqlik bilan kutgan edi. Chunki ular uchun jahon kinoyulduzidan professional maslahat olish juda muhim.

Amerikalik aktyor, kinorejissyor, muzikant va prodyusser Jonni Depp kinosanoati va o‘z faoliyati bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi. Ijodi davomida qanday qiyinchiliklar bo‘lgani haqida gapirib berdi. Orttirgan bilim va ko‘nikmalari, tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Ijodiy uchrashuv yosh ijodkorlar va talabalarga manzur bo‘ldi. Zero, bunday tadbirlar ular uchun o‘ziga xos mahorat maktabi vazifasini o‘taydi.
Madina Nasriyeva,
O‘zA