Kimyoviy elementlarni kashf etish bo‘yicha dunyoda qaysi davlat yetakchi?
Sayyoramizdagi kimyoviy elementlar tabiatning ajralmas qismidir. Ular inson organizmining hayotiy faoliyatini ta’minlashda ham muhim ahamiyatga ega. Aynan shu unsurlar tanamizga quvvat bag‘ishlab, barcha a’zo va tizimlarning bir maromda ishlashiga ko‘maklashadi.
Bugungi kunda kimyoviy elementlarning davriy jadvalida 118 ta element nomi keltirilgan. Ularning ba’zilari insoniyatga qadimdan ma’lum bo‘lsa, ayrimlari XX va XXI asrlarda kashf etilgan.
“Naked Science” onlayn nashri tahlillariga ko‘ra, kashf etilgan elementlar soni bo‘yicha Buyuk Britaniya dunyoda yetakchilik qiladi. Davriy jadvaldagi 22 ta element, jumladan, natriy, kaliy va argon gazi aynan mazkur mamlakatda topilgan. Ingliz kimyogarlari Xamfri Devi va Uilyam Ramzay ushbu unsurlarning aksariyatini fanga taqdim etgan.
Reytingning ikkinchi o‘rnida AQSH qayd etilgan – amerikalik olimlar tomonidan 20 ta element kashf qilingan. Shvetsiya va Germaniya vakillari hisobida 19 tadan element mavjud bo‘lib, ular uchinchi pog‘onani baham ko‘rmoqda.
Keyingi o‘rinlarni 16 ta element bilan Fransiya hamda 10 ta kashfiyot bilan Rossiya egallagan.
Shuningdek, Avstriya, Daniya, Ispaniya, Shveysariya, Kanada, Finlyandiya, Italiya, Yaponiya, Meksika va Ruminiya olimlari ham davriy jadvalning shakllanishiga o‘zlarining munosib hissasini qo‘shgan.
Muxtasar aytganda, kimyoviy elementlarning kashf etilish tarixini o‘rganish turli mamlakatlar mutafakkirlarining umuminsoniy ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasini yaqqol namoyon etadi.
Zuhra MIRZABOEVA, O‘zA