“Kimyoviy ajal” musodara qilindi
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida jamoat xavfsizligiga jiddiy tahdid soluvchi holatning oldi olindi. Tadbir jarayonida noqonuniy aylanmaga chiqarilishi rejalashtirilgan qariyb 6 kilogramm zaharli simob moddasi aniqlanib, musodara qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu xavfli kimyoviy moddaning qiymati taxminan 240 ming AQSH dollariga teng. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, simob inson salomatligi va atrof-muhit uchun o‘ta zararli moddalardan biri hisoblanadi. Shu bois u xalq orasida “kimyoviy ajal” nomi bilan ham tilga olinadi.
Tezkor harakatlar natijasida mazkur zaharli moddaning noqonuniy tarqatilishiga chek qo‘yildi hamda ehtimoliy salbiy oqibatlarning oldi olindi. Bu kabi tadbirlar aholi xavfsizligini ta’minlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash va jinoyatchilikka qarshi kurashishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayni paytda ushbu holat yuzasidan tegishli tartibda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.