Kimlarga soliq imtiyozlari beriladi?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda bir qator qonun loyihalari partiya elektorati manfaatlari nuqtai nazaridan qizg‘in muhokama qilindi.
Jumladan, “Soliq va bojxona qonunchiligi, shuningdek, soliq va bojxona imtiyozlarining qo‘llanilishini takomillashtirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi atroflicha ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasi bilan mobil aloqa xizmatlari uchun aksiz solig‘i stavkasi 15 foizdan 10 foizga tushirilishi, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga farzandlarini yuborayotgan ota-onalarning oyiga 3 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlari daromad solig‘idan ozod etilishi, xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun soliq imtiyozlari berilishi, alohida soliq rejimi joriy etilishi ko‘zda tutilgan. Eng muhimi, xotin-qizlarning bandligini oshirish maqsadida mehnat resurslari zich bo‘lgan qishloq joylarning reyestriga kiritilgan hududlardagi tadbirkorlik sub’ektlariga ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida o‘rnatiladi.
Deputatlar soliq imtiyozlari qo‘llanilishi aholiga qulaylik yaratishini ta’kidlab, o‘z takliflarini, munosabatini bildirdilar. Qizg‘in muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi ma’qullandi.
Mazkur qonun loyihasi Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida ham atroflicha ko‘rib chiqildi. Deputatlar partiya dasturiy vazifalari va elektorat manfaatlaridan kelib chiqib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Shuningdek, fraksiya a’zolari yig‘ilishda “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ham ko‘rib chiqdilar.
Qayd etilganidek, amaldagi qonunchilikka muvofiq, pensiyani hisob-kitob qilish uchun pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n baravaridan ortiq bo‘lmagan miqdordagi o‘rtacha oylik ish haqi olinadi. bugungi kunda pensionerning oxirgi o‘n yillik mehnat faoliyatiga oid bo‘lgan davrlari uchun sug‘urta badallari (ijtimoiy soliq) to‘langan bo‘lsa-da, bu davrlardagi, shuningdek, o‘rtacha oylik ish haqi miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n baravaridan ortiq bo‘lganda, qolgan summaning miqdori pensiya hisoblashda inobatga olinmaydi.
Endilikda qonun loyihasida nazarda tutilayotgan tartiblar vositasida ish haqi, ish staji va pensiya miqdori o‘rtasidagi bog‘liqlik ta’minlanadi. Fraksiya a’zolarining fikricha, mazkur tartibning joriy etilishi yuqori ish haqi olgan fuqarolarga munosib pensiyalarni tayinlash, ularning moddiy farovonligini oshirish, ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, yig‘ilishda fraksiya a’zolarining hududlarda olib borgan uchrashuv natijalari ham tahlil qilindi va ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA