Kimlar birinchi bo‘lib vaksina oladi?
O‘zbekistonda birinchi bo‘lib vaksina oladiganlar toifalarining ro‘yxati ma’lum qilindi.
Xo‘sh, kimlar birinchi bo‘lib emlanadi?
Ma’lumki, butun dunyoda hukm surayotgan koronavirus pandemiyasining salbiy ta’siri, pandemiya oqibatlarini kamaytirish va keng tarqalishining oldini olish maqsadida mamlakatimizda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Kuni kecha bo‘lib o‘tgan Respublika maxsus komissiyasining O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishida mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha bir qator masalalar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda Sanitariya-epidemiologiya xizmatiga O‘zbekiston Respublikasida koronavirus infeksiyasi (COVID-19)ga qarshi emlashni o‘tkazish algoritmi va alohida tartibini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berilganidan barchamiz xabardormiz, albatta. Bunda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlashni faqatgina ixtiyoriylik tamoyili asosida amalga oshirish, shuningdek, birinchi navbatda, koronavirus yuqish xavfi darajasi yuqori bo‘lgan quyidagi shaxslarni emlash nazarda tutiladi:
65 yoshdan oshgan qariyalar va keksalar, surunkali kasalliklari bor shaxslar, tibbiyot xodimlari, maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari, aholi bilan bevosita muloqotga kirishadigan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari.
Tabiiyki, shu o‘rinda “Bu odamlar vaksinani qachondan boshlab oladi, bu toifalarga kirmaganlarni ommaviy emlash qachon boshlanadi?”, degan savollar yuzaga kelmoqda. Bu haqda Koronavirusga qarshi kurash shtabi quyidagilarni ma’lum qildi.
Respublikada toifalar bo‘yicha COVID-19ga qarshi emlash 2021 yil mart oyining birinchi yarmida boshlanishi rejalashtirilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida jami bo‘lib davolash profilaktika muassasalari qoshida 3 ming 138 ta emlash xonasi va 820 ta mobil brigada tashkil etilgan, ular barcha emlash ishlarini jadval va bosqichma-bosqich amalga oshiradi. Respublika bo‘yicha xavf guruhiga kiruvchi aholini emlash ishlari yakunlanishi va respublikaga vaksina kelishiga qarab qolgan aholi ham emlanadi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tavsiya etilgan vaksinalar respublikada qo‘llaniladi (hamkor tashkilotlar tomonidan joriy yilda COVID-19ga qarshi vaksinani amaliyotga kiritish uchun O‘zbekiston Respublikasi aholisining 20 foizi miqdorida koronavirusga qarshi emlash uchun vaksinaga buyurtma tayyorlanib, COVAX jamg‘armasiga yuborildi).
Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan GAVI toshkilotining COVAX jamg‘armasiga, SOVID-19 infeksiyasiga qarshi vaksina ishlab chiqaruvchi 12 ta yetakchi korxona bilan ushbu vaksinalarni xarid qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
Ta’kidlash joizki, Xitoyning “Ayhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd.” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan va respublikamizda o‘tkazilayotgan klinik sinovlari muvaffaqiyatli o‘tgandan so‘ng koronavirusga qarshi vaksinasini sotib olish ham rejalashtirilmoqda.
Koronavirus infeksiyasi dunyoga tahdid solib turgan bir paytda, ushbu holat barchamizga mas’uliyat yuklaydi. Lekin bu og‘ir tahlikalar vaqtinchalik holatdir va biz barchamiz hamjihatlikda aytilayotgan tavsiya va talablarga og‘ishmay rioya qilib, ushbu og‘ir sinovdan o‘ta olishimizga shubha yo‘q.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.