Hindistonda joriy yilning 1-5 fevral kunlari kikboksing bo‘yicha “WAKO India Open” xalqaro musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda Hindiston, O‘zbekiston, Buyuk Britaniya va Qozog‘istondan kelgan 550 nafarga yaqin sportchi g‘oliblik uchun o‘zaro raqobatlashdi.
To‘rtinchi bor tashkil etilayotgan mazkur xalqaro turnirda O‘zbekiston kikboksing terma jamoasining 42 nafar a’zosi ishtirok etib, 21 ta oltin, 7 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan holda umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi.

Ushbu yuksak muvaffaqiyatga erishgan muzaffar sportchilarimiz Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.
– Bu ulkan muvaffaqiyatlar mamlakatimizda sportga qaratilayotgan ulkan e’tibor va yaratilgan imkoniyatlar natijasidir. Ushbu imkoniyatlardan unumli foydalangan sportchi va murabbiylarimizning mehnati sababidan nufuzli musobaqalarda yurtimiz bayrog‘i balandlarga ko‘tarilmoqda, — deydi O‘zbekiston kikboksing assotsiatsiyasi raisi Oybek Narmetov. – Umid qilamizki, oldinda turgan bir nechta xalqaro musobaqalarda ham munosib ishtirok etgan holda yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytamiz.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA