Kichkintoylarning gʻamxoʻr opasi
Yosh avlodni har tomonlama barkamol etib shakllantirishda koʻp jihatdan maktabgacha taʼlim muassasasidagi tarbiya muhim ahamiyat kasb etadi.
Yosh avlodni har tomonlama barkamol etib shakllantirishda koʻp jihatdan maktabgacha taʼlim muassasasidagi tarbiya muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois mamlakatimizda maktabgacha taʼlim tizimi tubdan takomillashtirilmoqda. Tizimdagi islohotlar samarasini amaliyotga tatbiq etishda esa bogʻcha mudiralari muhim vazifani bajaradi.
Gulparshin Uzoqbergenova yosh avlod taʼlim-tarbiyasi yoʻlidagi pedagogik faoliyatini 2000-yildan boshlagan. Hozirda u poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi “Istiqlol yulduzchasi” nomli 399-maktabgacha taʼlim muassasasida rahbarlik qiladi.
Opaning tashkilotchiligi, tashabbuskorligi tufayli mazkur bogʻcha poytaxtdagi namunali muassasalar qatoridan oʻrin olgan. Muassasada bolajonlarning har tomonlama barkamol ulgʻayishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Mashgʻulotlar “Ilk qadam” davlat oʻquv dasturi asosida qiziqarli tarzda tashkil etiladi. “Zumradoylar davrasi”, “Yosh kitobxon”, “Jajji rassom”, “Gimnastika”, “Raqs” toʻgaraklarida bolajonlarning dastlabki mahorati shakllantirilmoqda. Taʼlim-tarbiya jarayoni bilan bir qatorda sport musobaqalari, turli tadbir va koʻrik-tanlovlarni oʻtkazib borishga alohida ahamiyat qaratilgan.
– Farzandlarimiz ilk hayotiy hamda mustahkam bilimini maktabgacha taʼlim muassasasida egallaydi, - deydi muassasa mudirasi Gulparshin Uzoqbergenova. – Davlatimiz rahbari rahnamoligida maktabga tayyorlash sifatini tubdan yaxshilashga qaratilgan saʼy-harakatlar barkamol shaxsni tarbiyalashga xizmat qilishi, shubhasiz. Bu borada, biz soha xodimlaridan ham katta masʼuliyat talab etiladi.
Kuni kecha muassasada “Besh tashabbus – besh imkoniyat” shiori ostida “Kitob bizning doʻstimiz” mavzusida tashkil etilgan taʼlimiy tadbir ham tarbiyalanuvchilarga maʼnaviy bilim berish, ularning jajji qalbida kitobga mehr uygʻotish maqsadiga xizmat qildi. Buni kichkintoylarning tadbirdagi faolligida ham kuzatish mumkin.