“Kichik serjant”larga diplomlar topshirildi (+video)
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida Kasbiy tayyorgarlik fakulteti tinglovchilarining tantanali bitiruv marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu quvonchli ayyomda 209 nafar tinglovchilar diplomlarini qo‘llariga olishdi. Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining tegishli buyrug‘iga asosan ularga “kichik serjant” maxsus unvoni berildi.
Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti o‘z oldiga ulkan maqsadlarni qo‘ygan, ularga erishishning eng muhim omili sifatida sifatli ta’lim jarayoniga juda katta ahamiyat berilayotganligini, ushbu ezgu g‘oya va maqsadlarning ro‘yobi sifatida o‘z Vataniga sodiq bo‘lgan, yuksak salohiyatli, haqiqiy vatanparvar ichki ishlar organlari xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishga katta e’tibor qaratilayotganiga guvohi bo‘lishimiz mumkin. Ta’lim dargohida tinglovchilarning zamonaviy bilim olishlari, raqamli texnologiyalar hamda maxsus vositalarni mukammal egallashlari, shuningdek jismonan sog‘lom va ma’nan yetuk bo‘lishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Institutda “Yo‘l-patrul faoliyati”, “Patrul-post xizmati faoliyati”, “Pasport tizimini ta’minlash faoliyati”, “Maxsus operatsiyalarni amalga oshirish faoliyati”, “Jazoni ijro etish faoliyati” yo‘nalishlarida maxsus besh oylik dastur asosida belgilangan qabul kvotasi bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda. O‘tgan davr mobaynida tinglovchilarga ta’lim berishning modul tizimi asosida bazaviy va amaliy kasbiy tayyorgarlik shakllandi, o‘quv jarayoni nazariy tayyorgarlikning huquqni qo‘llash faoliyati bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlashga qaratilgan zamonaviy usullar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida olib borildi. Tinglovchilarning kasbiy tayyorgarligi va huquqiy ongini oshirishning samarali tizimi joriy etildi.
Bo‘lib o‘tgan bitiruv marosimi nafaqat institut ustoz-murabbiylari balki bitiruvchilarning ota-onalari uchun ham g‘oyat quvonchli va hayajonli voqeadir. Qalbi pok orzu-umidlar bilan to‘lgan, azmu shijoatli tinglovchilar timsolida, hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan ta’lim-tarbiya sohasidagi sa’y-harakatlarning amaliy natijasini, xalqimiz va Vatanimiz kelajagini ko‘rishimiz mumkin.
Tantanali marosimda Ichki ishlar vazirligi va Malaka oshirish instituti rahbariyati, vazirlik mas’ul xodimlari, professor-o‘qituvchilar, jamoatchilik vakillari, ichki ishlar faxriylari, tinglovchilarning ota-onalari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi. Biz ham fursatdan foydalanib qadrdon Instituti, mehribon ustozlari bilan xayrlashib, yangi hayotga yanada kuchli mas’uliyat bilan qadam qo‘yayotgan bitiruvchilarni chin qalbdan tabriklaymiz. Mustaqil hayot sari tashlayotgan dadil qadamingiz qutlug‘ bo‘lsin.
Batafsil:
<iframe width="1280" height="720" src="https://www.youtube.com/embed/3OiOiII5-pc" title="IIV BITIRUV TAYYOR~1" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>M.Turdaliyeva, H.Abduvoitov O‘zA