Kichik sanoat zonasi faoliyati nazoratga olindi
Xalq deputatlari Buxoro tumani Kengashi sessiyasida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal -demokratik partiyasi tuman kengashi deputatlik guruhi taklifi bilan 2017-yilda “Raboti qalmoq” kichik sanoat zonasini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi.
Xalq deputatlari Buxoro tumani Kengashi sessiyasida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal -demokratik partiyasi tuman kengashi deputatlik guruhi taklifi bilan 2017-yilda “Raboti qalmoq” kichik sanoat zonasini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi.Tabiiyki, bundan Buxoro tumanidagi “Raboti qalmoq” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi tadbirkorlar xursand bo‘ldi. Afsuski, oradan to‘qqiz oy o‘tsa-da, kichik sanoat zonasi o‘z maqomi darajasida ishlamayapti. Bu yerda tabiiy toshlarga ishlov berish, lak-bo‘yoq ishlab chiqarish, go‘sht va sutni qayta ishlash va boshqa sohalar bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan loyihalar bajarilmagan. Buning asosiy sababi, hududda elektr energiyasida uzilishlar, aniqrog‘i, cheklanishlar bo‘layotganida. Shuningdek, gaz yetkazib berishda ham ayrim muammolar mavjud.
Ayni paytda “Raboti qalmoq”dagi ishlab chiqarish subyektlarida 225 kishi ish bilan band. Holbuki, yuqoridagi muammolar bartaraf etilganida korxonalar to‘la quvvat bilan faoliyat ko‘rsatgan, ish o‘rinlari soni ikki baravarga ko‘paygan bo‘lar edi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal- demokratik partiyasi Buxoro tumani kengashining navbatdagi sessiyasida ushbu masala kun tartibiga qiritildi.
Tadbirda kichik sanoat zonasini tashkil etishda bevosita mas’ul bo‘lgan tuman hokimi o‘rinbosari Zokir Tohirovning axboroti tinglandi. Muhokamada mutasaddi rahbarning muammo yechimi bo‘yicha jiddiy amaliy choralar ko‘rmagani tanqid qilindi. Tuman hokimi o‘rinbosariga sessiya qarori bilan ogohlantirish berildi.
Vaziyatdan qanday chiqish mumkin? Sessiyada ayni shu savol keskin ko‘ndalang qilib qo‘yildi.
– “Raboti qalmoq” dagi muammo yechimini topish imkoni bor, – dedi xalq deputatlari tuman Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi rahbari O‘lmas Rahmatov. – Buning uchun elektr, gaz va suv ta’minoti masalalarini hal etish maqsadida viloyatning tegishli soha rahbarlari bilan bevosita hamkorlikda ish olib borish lozim. Bunda deputatlik nazorati imkoniyatlaridan ham samarali foydalanish talab etiladi.
Sessiyada “Raboti qalmoq” loyihasini to‘la nihoyasiga yetkazish barobarida tuman markazi Galaosiyo shahrida ham kichik sanoat zonasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida qaror qabul qilindi.