Kichik sanoat zonalarining katta imkoniyatlari
Prezidentimiz joriy yilning 26 iyul kuni Samarqandga tashrifi chog‘ida viloyatda iqtisodiyotni yanada rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va turmush darajasini oshirishda mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotganiga alohida e’tibor qaratgan edi.
Prezidentimiz joriy yilning 26 iyul kuni Samarqandga tashrifi chog‘ida viloyatda iqtisodiyotni yanada rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va turmush darajasini oshirishda mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotganiga alohida e’tibor qaratgan edi.
Davlatimiz rahbari bu borada chet el investitsiyalarini jalb etgan holda zamonaviy korxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholini tadbirkorlikka keng jalb etish, tuman va shaharlarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha tegishli vazifalarni belgilab bergan edi.
Ushbu tavsiya va amaliy yordam tufayli Jomboy tumani ham agrar sohadan yirik sanoatlashgan markazlardan biriga aylanmoqda.
Tumanda Prezidentimizning 2018 yil 16 martdagi “Samarqand viloyatida kichik sanoat zonalarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida qator loyihalar amaliyotga tatbiq etilmoqda. Xususan, “Dehqonobod” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “Jomboy” kichik sanoat zonasi tashkil etildi. “Maroqand meva-sabzavot” mas’uliyati cheklangan jamiyati negizida tashkil etilgan mazkur hududda 8 istiqbolli loyiha joylashtirildi. Bu yerda tadbirkorlar uchun har tomonlama qulay sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda.
– “Maroqand meva-sabzavot” MChJga 5,3 gektar yer maydoni ajratildi, – deydi Jomboy tumani hokimligi iqtisodiyot bo‘limi boshlig‘i Shohrux Hasanov. – Korxona tomonidan o‘z mablag‘lari hisobidan 5 million 300 ming dollar hisobiga 8 loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan. Hozirgacha korxonaning 850 ming dollar mablag‘i hisobiga 2 loyiha, plastmassa shpallar va temir setka ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirildi. Natijada 40 yangi ish o‘rni yaratildi.
Kichik sanoat zonasida ish boshlagan tadbirkorlar dastlab o‘zlari uchun kulay ish sharoiti yaratdi. Katta mablag‘ talab qiladigan qalin beton devor o‘rniga oddiy profil tunukalardan foydalanildi. Bu usul iqtisodiy jihatdan samarali bo‘lib, inshoot issiqqa chidamli, sovuqni o‘tkazmaydi. Ixcham, qulay, bunday joyda ishlashning o‘ziga xos zavqi ham bor, albatta. Ayniqsa, xorijdan keltirilgan har tomonlama qulay va ixcham avtomatlashtirilgan uskunalarda ishlashdan charchamaysan, kishi.
Hozirgi kunda kichik sanoat zonasida yana 3 loyiha bo‘yicha dastlabki ishlar boshlab yuborildi. Birinchi sexda intensiv bog‘lar uchun polimer-yelimdan maxsus qalpoqchalar tayyorlanmoqda. Bu uskuna asosan bog‘larning ustki qismini maxsus to‘r setka bilan qoplashda ishlatiladi. Bog‘dorchilikda sinalgan innovatsion usul mevalarni hashorat, qushlar, issiq havo, do‘l va yomg‘irdan saqlaydi. Polietilendan tayyorlanadigan maxsus moslamaga bozorda talab katta. Shu boisdan ham uni ishlab chiqarish hajmi ortib bormoqda.
Ma’lumki, respublikamizda qishloq xo‘jaligi ekinlarini tomchilatib sug‘orishga katta ahamiyat qaratilayapti. Bu o‘rinda polimer shlanglarning ahamiyati katta, albatta. Ilgari bunday mahsulot valyuta evaziga xorijdan keltirilar edi. Bugungi kunda kichik sanoat zonasida bir kunda 40 ming metr tomchilatib sug‘orishda foydalaniladigan polimer shlanglar ishlab chiqarilmoqda. Xitoy, Turkiya, Tailand texnologiyasi asosida faoliyat ko‘rsatayotgan mazkur korxonada o‘ndan ortiq qishloq yoshlari ish bilan band.
Keyingi sexda diametri 6,5-8 millimetr qalinlikdagi po‘lat simlardan 5,5-7 millimetrli maxsus sim to‘r setkalar tayyorlanmoqda. Mahsulot karkazsiz bino va inshootlar konstruksiyalarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan bo‘lib, qurilish uchun eng zarur xomashyolardan biri hisoblanadi.
“Jomboy“ kichik sanoat zonasida ishlab chiqarish sur’ati kun sayin jadallashib bormokda. Yaqin kunlarda bu yerda intensiv bog‘lar uchun sim kanatlar, temir beton ustunlar, himoyalash to‘ri ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, metal jihozlar va inshootlar konstruksiyalari, yashiklar ishlab chiqarish ham rejalashtirilgan. Etiborli jihati, ishlab chiqariladigan mahsulotlar xorijga eksport qilinadi.
Tumanda sanoat salohiyatini yanada oshirish maqsadida 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan, qiymati 502,6 milliard so‘mlik 42 loyiha ishlab chiqilgan. Mazkur hududiy dasturlar doirasida bugungi kunda umumiy qiymati 189,5 milliard so‘mlik loyiha foydalanishga topshirildi. Shu tariqa 820 yangi ish o‘rni yaratildi.
Hududga 2019 yilda 14 loyiha hisobidan 17,7 million dollar qiymatidagi xorijiy investitsiya jalb etilishi mo‘ljallangan edi. O‘tgan sakkiz oy mobaynida 9,5 million dollar chet el investitsiyalari o‘zlashtirilib, yangidan-yangi korxonalar o‘z faoliyatini boshladi.
“Bi-Maks-Bulding” MChJ shaklidagi qo‘shma korxonasi hamda “Keramika briks” korxonasi shular jumlasidan. U yerda ishlab chiqarilayotgan eksportbop qurilish mahsulotlari xorij bozorini egallayotgani e’tiborlidir. Xususan, bu kabi korxonalar tomonidan joriy yilning 9 oyi mobaynida 20 million dollar qiymatidagi mahsulot chet elga eksport qilindi.
Qishloq joylarda yirik korxonalarning ishga tushirilishi hudud ifratuzilmasini yanada rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, ularning turmush sharoiti yaxshilanishida muhim o‘rin egallaydi. Ayniqsa, hozirgi bozor sharoitida hamma joyda xomashyo emas, tayyor mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan iqtisodiyotning mavqei ortib bormoqda. Ushbu yo‘nalishda ichki bozorda tayyor mahsulot importini kamaytirish bilan birga eksport salohiyatini oshirishning ahamiyati katta, albatta. Davr talabi bu sohada izlanish, tashabbuskorlikni taqozo etmoqda.
“Jomboy OIL” MChJ ana shunday yirik ishlab chiqarish bo‘g‘inlaridan biri. Loyiha qiymati 1 million 200 ming dollar bo‘lgan mazkur korxonada asosan kungaboqardan o‘simlik yog‘i olinadi. 9 gektar qarovsiz yer o‘rnida yirik korxonaning barpo etilishi “Zarafshon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududining ko‘rkiga ko‘rk qo‘shdi. Qariyb 100 nafar qishloq aholisi doimiy ish bilan ta’minlandi. Kuniga 70 tonna kungaboqarni qayta ishlab, 25 tonna ekologik toza oziq-ovqat mahsuloti ishlab chiqarish quvvatiga ega bunday korxonaning faoliyat ko‘rsatayotgani mahsulotning import o‘rnini kamaytirish barobarida, eksport salohiyatini oshirmoqda.
Korxonada barcha ishlar avtomatlashtirilgan bo‘lib, asosiy jarayonlar Xitoy va Turkiyadan keltirilgan texnologiyalar yordamida boshqariladi. Bularning hammasi qishloqlarda sanoatning rivojlanib borayotgani, iqtisodiyotda amalga oshirilayotgan tarkibiy o‘zgarishlar samarasidir.
Manzilli dastur asosida Jomboy shaharchasidagi “Samarqand” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “Milk Vil” MChJ shaklidagi qo‘shma korxona faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Angliyalik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda ishga tushirilgan korxona bir oyda 350 tonna sutni qayta ishlash quvvatiga ega. Shu tariqa 23 tonna quruq va suyultirilgan sut, 50-55 tonna sariq yog‘ mahsulotlari aholi ehtiyojlari uchun ichki bozorga chiqarilmoqda. Korxonaga 780 ming dollar qiymatidagi investitsiya kiritish yo‘li bilan xorijiy texnologiyalarning o‘rnatilganligi mahsulot sifatini yaxshilash, uning raqobatbardoshligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
– 2020 yilgacha qiymati 2 million dollar bo‘lgan yana bir loyihani amalga oshiramiz, – deydi korxona direktori Alijon Hasanov. – Ya’ni, muzqaymoq ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yamiz. Shunda yana 30-35 kishi ish bilan ta’minlanadi. Bundan tashqari, quruq sut va sariq yog‘ mahsulotlarini chetga eksport qilishni ham rejalashtirganmiz.
Muxtasar aytganda, tumanda manzilli dasturda belgilangan loyihalar ijrosi yuzasidan yangi ishlab chiqarish quvvatlari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, yangi ish o‘rinlari yaratilayapti. Pirovardida, tadbirkorlar safi kengayib, aholi turmushi farovonligi yuksalmoqda. Zero, bugungi sa’y-harakatlarimiz aynan shu maqsadga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.