Kichik sanoat zonalarida barcha sharoitlar yaratilgan
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan bugungi kunda tadbirkorlik va kichik biznes sohasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu bois tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lganlarga qulay biznes muhiti va shart-sharoitlar yaratib berish borasidagi ishlar o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda.
Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida ham bu borada muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Birgina tumanning Jar mahallasida tashkil etilgan “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi” uchun Davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga muvofiq, 2,20 gektar yer maydoni ajratildi. Tanlab olingan yer maydonidan 0,68 gektari yo‘l va boshqa infratuzilmalar, kommunikatsiya ob’ektlari uchun ajratilgan bo‘lsa, qolgan 1,52 gektari qurilish ishlari olib borilishi uchun jami 43 ta lotlarga bo‘lingan holda, talabgorlar tomonidan tadbirkorlik loyihalarini ishga tushirish belgilangan.
“Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi”da yosh tadbirkorlarning 97 milliard 850 million so‘m miqdorida jami 38 ta tadbirkorlik loyihalari 492 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Masalan, sanoat zonasida ish boshlagan “Xidirov Musulmon” oilaviy korxonasi ayni paytda turli xil mebel ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.
– 20 yildan buyon mebelchilik hunari bilan shug‘ullanamiz, – deydi tadbirkor Musulmon Xidirov. – 10 yil davomida poytaxtda shu yo‘nalish bo‘yicha ishlab tajriba orttirib keldim. Keyin uyga qaytib hovlimizda mebel yasashni boshladik. Lekin mebel yasash uskunalari baland ovozda ishlagani bois, qo‘shnilarga noqulaylik tug‘dira boshladi. Buning ustiga joyimiz ham torlik qilib qolgandi. Kichik sanoat zonasidan joy ajratilgani biz uchun ayni muddao bo‘ldi. Keng joy, elektr bilan bog‘liq muammolar yo‘q, eng muhimi hech kim ishingga xalal bermaydi. Bu yerga o‘tgach, faoliyatimizni yanada kengaytirdik. 100 million so‘m imtiyozli kredit oldik. Ushbu mablag‘ evaziga zamonaviy rover apparati olib keldik. Hozirda buyurtmaga qarab istalgan mebellarni yasayapmiz. 10 nafar ishchi faoliyat yurityapti. Yaratilgan qulaylik va imkoniyatlar uchun minnatdormiz.
[gallery-19195]
Sanoat zonasida kommunikatsiya bilan bog‘liq yaratilgan qulayliklar tadbirkorlar uchun qo‘l kelmoqda.
Ushbu imkoniyatlardan unumli foydalangan tadbirkorlardan biri “Masud Muhiddinov” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Fazliddin Muhiddinov tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarmoqda.
– Faoliyatimizni yaqinda boshladik, – deydi Fazliddin Muhiddinov. – 400 xilga yaqin sviter to‘qiyapmiz. Uskunalar Xitoyniki. O‘z mablag‘imizga olib kelganmiz. Ishni yaxshi yo‘lga qo‘yish uchun vodiydan tajribali usta to‘quvchini ham jalb qilganmiz. U kishi ishchilarimizga sviter to‘qish sirlarini o‘rgatmoqda. 6 ta yangi ish o‘rni yaratganmiz. Hozircha xomashyoni ham vodiydan olib kelyapmiz. Mahsulotlarimiz asosan ichki bozorga chiqarilmoqda. Kelgusida faoliyatni yanada kengaytirish rejalarimiz bor.
Kichik sanoat zonasi tashkil qilgan holda barcha ishlab chiqarish sexlarini bir joyga jamlash ijobiy samara berishini Chiroqchi tumanida amalga oshirilgan ishlardan ham ko‘rish mumkin. Sanoat zonasi kattagina bir mahallani eslatadi. Barcha sexlar ikki qator ko‘cha bo‘ylab joylashgan.
U yerdagi tadbirkorlik sub’ektlari qatoridan otchilikka ixtisoslashgan korxona ham joy olgan.
Jumladan, tadbirkor Sanjar Qurbonov boshqarib kelayotgan “Chiroqchi qorabayiri” otchilikka ixtisoslashgan mas’uliyati cheklangan jamiyatida ayni paytda 100 bosh ot parvarishlanmoqda va ularning asosiy qismi go‘sht yo‘nalishida boqilmoqda.
– Ota-bobolarimiz ham ot boqib, ko‘pkarilarda ishtirok etgan, – deydi S.Qurbonov. – Biz ham bolalikdan otga mehr qo‘yganmiz. Bu yerga kelishdan oldin 8 sotixlik hovlida ot boqardim. Ilgaridan ko‘pkarida chopadigan nasldor otlar yetishtirib kelamiz. Musobaqalarda katta-katta zotlarni qo‘lga kiritib keladi otlarimiz. Otlarni go‘sht yo‘nalishida boqishni boshlaganimga 5 yil bo‘ldi. Tuman hokimimiz tashabbus qilib, sanoat zonasidan bir gektarga yaqin joy ajratdi. Otxonalarni qurdik. Yiliga ikki mavsum go‘sht yo‘nalishida ot boqamiz. 8 nafar ishchimiz bor. Ochig‘i boshqa ish qo‘limdan kelmaydi. Bolaligimdan otchilik bilan mashg‘ulman. Shu bois ushbu yo‘nalishni rivojlantirishni maqsad qilganman. Kelgusida o‘zimizda qazi tayyorlash, ot sutidan qimiz tayyorlashni yo‘lga qo‘yish rejamiz bor.
Sanoat zonasidagi qaysi bir tadbirkor bilan suhbatlashmang, yaratilgan imkoniyatlardan mamnun ekanligini ta’kidlaydi. To‘g‘rida, biror sex faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lsang, avvalo yer maydoni kerak, keyin uzluksiz elektr energiya, kommunikatsiya, mijozlarning kelishi uchun tekis, ravon yo‘l va hokazo sharoitlar lozim. Kichik sanoat zonalarida esa bularning barchasi muhayyo.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari