“Kichik mutafakkirlar” viloyat bosqichida bellashdi
Qarshi shahridagi Yoshlar markazida viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda O‘zbekiston bolalar tashkiloti viloyat bo‘limi hamkorligida “Kichik mutafakkirlar” Respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
5-7 hamda 8-11 sinflar o‘quvchilarini qamrab olgan tanlovning quyi bosqichlarida viloyat bo‘yicha 30 ming nafardan ortiq yoshlar ishtirok etdi. Tuman va shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar viloyat bosqichida bellashdi.
Tanlov yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, shuningdek, buyuk mutafakkirlar Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning bebaho ijodiy meroslarini keng targ‘ib qilish maqsadida tashkil etildi. Unda ishtirokchilar 4 ta shart – tarixiy voqealarni jonlantirish, Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning geografik sayohatlarini xaritaga tushirish, savol-javoblar orqali bilimlarini namoyon etish kabi yo‘nalishlarda o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi.
Tanlov yakunida g‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ushbu musobaqa nafaqat yoshlarning kitobxonlik madaniyatini oshirishga, balki ularga ilmiy va madaniy tajriba orttirish imkonini beruvchi muhim tashabbus bo‘ldi. Shubhasiz, bu kabi tanlovlar yosh avlodni ilm-fan sari yetaklash, ularning tafakkurini boyitish va buyuk ajdodlarimiz merosini keng targ‘ib qilish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri