Prezident tashrifidan so‘ng...
Bozorga borgan otaxon birato‘la qizining uyiga kirib, nabiralarini yo‘qlab qaytadi. Bekatda avtobus kutib o‘tirgan talaba vaqtini behuda o‘tkazmay kitob varaqlaydi. Yuqori qavatga ko‘tarilayotgan yigit qo‘shni bolakayni opichlab oladi.
Bir manzilga borishdan asl maqsad boshqa, lekin yo‘l-yo‘lakay rejadan tashqaridagi ishlarni ham qilish mumkin. Bu juda xayrli va kutilmaganda samarali harakat sanaladi.
Baland tog‘lar bag‘ridan shoshib enayotgan Ugam daryosi bo‘yida turibmiz. Xayolda esa shu fikrlar aylanadi. Bu suv tiriklik manbai, qanchadan-qancha ekin-tikinni yashnatadi. U bugun yo‘l-yo‘lakay boshqa vazifani ham bajara boshladi. Daryo yo‘liga uchta kichik gidroenergetika inshooti qurildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2024 yilning 6 dekabrida Toshkent viloyatiga tashrifi chog‘ida Bo‘stonliq tumanidagi yaqinda ishga tushirilgan “Ugam-1” kichik GES faoliyati bilan tanishgan edi. Shu yangi stansiya misolida mamlakatimizda kichik GESlarini qurish borasidagi yangi qadamlarga qisqacha to‘xtalamiz.
Mamlakatimizda energetika tizimini rivojlantirishda barcha manbalardan foydalanilmoqda. Mavjud quvvatlarni mustahkamlash bilan birga quyosh, shamol va gidroelektr inshootlari barpo etilmoqda.
Gidroelektr stansiyalar hududlarda kunlik energiyani barqaror ta’minlashda eng samarali vosita sanaladi. Ular umumiy tarmoqqa ulanmasdan har bir hudud va mahalla kesimida elektr bilan ta’minlay oladi. Olinadigan elektr tannarxi ham boshqa manbalarga nisbatan ancha arzon. Shu bois keyingi yillarda bu sohani rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Mamlakatimizda yangi GESlarni qurish, mavjudlarini modernizatsiya qilish borasida investitsiyaviy loyihalar hamda tasdiqlangan dasturlar asosida tizimli ishlar amalga oshirib kelmoqda.
Sohaga xorijiy investitsiya va xususiy sektorni jalb qilib, 2030 yilga qadar jami quvvatlarni 6 ming Megavattga yetkazish belgilangan. Buning uchun huquqiy, iqtisodiy sharoitlar yaratilgan.
So‘nggi yillarda yurtimizda 630 million dollar investitsiya hisobidan 400 megavattdan ortiq yangi gidroelektr stansiyalari barpo etilib, ularning quvvati 2,2 gigavattga yetkazildi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki yurtimizda 3 ming 280 megavatt quvvatga ega bo‘lgan 44 ta GES qurish imkoniyati mavjud. Ayniqsa, Toshkent viloyatida gidroenergetika bo‘yicha juda katta salohiyat bor.
Hozirda viloyatda umumiy quvvati 1 ming 330 megavatt bo‘lgan 25 ta gidroelektr stansiyasi mavjud. Bu respublikamizdagi jami gidroenergetika quvvatining 60 foiziga tengdir.
Bugungi kunda qiymati 880 million dollar va quvvati 340 megavatt bo‘lgan yana 4 ta GES qurilmoqda. Shuningdek, 2028 yilgacha viloyatda umumiy quvvati qariyb 2 ming 400 megavatt bo‘lgan, 4 milliard 800 million dollarlik 23 ta loyiha amalga oshiriladi.
Toshkent viloyatining gidroenergetik salohiyati mavjud hududlarida qator istiqbolli loyihalar ijrosi bo‘yicha amaliy ishlar bosqichma-bosqich olib borilmoqda.

– Ugam daryosining yo‘lida mikro GESlar qurilishi natijasida suvdan takror-takror foydalanish mumkin bo‘lmoqda, – deydi O‘rta Chirchiq GESlar kaskadi filiali direktori Alisher Olimov. – 1,48 megavatt bo‘lgan ushbu “Ugam-1” kichik GESini qurish orqali yiliga 11,8 million kVt soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoni yaratildi. Zamonaviy samarador gidroagregatlar va avtomatik boshqaruv tizimi o‘rnatildi. Loyihani amalga oshirish natijasida hududdagi Chorbog‘, Xumson va Ugam mahallalaridagi 5 mingta xonadon hamda turizm maskanlari uzluksiz elektr energiya bilan ta’minlanadi. Yiliga o‘rtacha 3,9 million metr kub gaz yoki 5,9 ming tonna ko‘mir tejaladi.
E’tiborlisi, amalga oshirilgan bu loyiha o‘zimizda ishlab chiqarilgan texnologiyalar asosida ishlamoqda. Boshqacha aytganda uni to‘liq milliy brend deyish mumkin.
Prezident tashrifi chog‘ida kelgusida mamlakatimiz bo‘yicha jami ikki mingta mana shunday mikro va kichik GESlar qurish bo‘yicha topshiriq berilgan edi. Bunday mikro GESlarlarni mamlakatimizning boshqa hududlarida ham tashkil qilish bo‘yicha topshiriq bo‘lgan. Bugun bu bo‘yicha amaliy harakatlar boshlangan.
Bunday loyihalar amalga oshirilishi natijasida shunchaki oqib yotgan suvdan yetti-sakkiz marta foydalanish imkoniyati paydo bo‘lmoqda. Bunda nafaqat energetika masalasi hal etiladi, balki hudud infratuzilmasi yaxshilanadi. Qishloq xo‘jaligi, baliqchilik rivojlanadi.

Shu o‘rinda qayd etish lozim, davlatimiz rahbari 2024 yilning 13 dekabr kuni mamlakatimizda yangi energetika quvvatlarini ishga tushirish hamda navbatdagilarini qurishga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etdi.
Marosim uchun umumiy qiymati yetti milliard dollardan ziyod 24 ta loyiha tayyorlandi. Ushbu yangi loyihalar orqali kelgusi yillarda qo‘shimcha 9,5 milliard kilovatt soat elektr ishlab chiqarilib, 2,5 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi.
Bu kabi muhim loyihalar mamlakatimizda energetika tizimi barqarorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning izchil davomi sanaladi.
Ikrom AVVALBOEV, Nosirjon HAYDAROV (surat), O‘zA