Mamlakatimizda futbol va futzal bo‘yicha ko‘plab nufuzli musobaqalar, tunirlar, xalqaro ahamiyatga molik tadbirlar tashkil etilmoqda. Ularning barchasi ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazilgan.
Kuni kecha poytaxtimizdagi “Humo Arena” majmuasida futzal bo‘yicha O‘zbekiston superkubogi uchrashuvi va uning doirasida tashkil etilgan tadbirlar futbol jamoatchiligi, minglab muxlislar yodida uzoq yillar saqlanib qolsa, ajab emas.
Rosti, O‘zbekiston futzali tarixida hali bunaqasi bo‘lmagan. Jahon futboli afsonalari ishtirokida o‘tgan superkubok bahsi o‘zbek futzali tarixida yangi sahifa ochdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
[gallery-24969]
Ayniqsa, yulduzlar qo‘lidan esdalik sovg‘alarini olgan futbolga mehri oshufta bolakaylarning hayrati, quvonchi, iftixorini ko‘rib, beixtiyor shunday tadbirni tashkil etgan insonlarga tashakkur aytging keladi.
Superkubok uchrashuvi ajoyib muhitni taqdim etdi. BMB – “Oil Star” jamoalari o‘rtasida kechgan shiddatli bahs tomoshabinlarga manzur bo‘ldi. Har ikki jamoa g‘alaba ishtiyoqida chiroyli o‘yin namoyish etdi. Qarama qarshi hujumlar ostida o‘tgan uchrashuvda omad BMB jamoasi tomonida bo‘ldi. 2024/2025 yilgi mavsumni juda ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazgan jizzaxliklar O‘zbekiston chempionligi, mamlakat kubogidan so‘ng superkubokni boshlari uzra baland ko‘tarishdi.
Butun o‘yin davomida ustunlikni qo‘lda saqlab turgan BMB raqiblarini 5:1 hisobida dog‘da qoldirdi. “Oil Star” futzalchilari birinchi bo‘lib g‘oliblarni mardlarcha yutuq bilan tabriklashdi. Maydondagi kurash esa hali davom etishini qayd etishdi. Zero, qur’aga ko‘ra, ularning navbatdagi to‘qnashuvi “Yunusobod” sport majmuasida sentyabrning ilk kunlarida boshlanadigan O‘zbekiston chempionatining ilk turidayoq ro‘y beradi.
Futzal bo‘yicha O‘zbekiston superkubok o‘yinlari tarixga aylangan bo‘lsa, yurtimizga kelgan jahon futbolining yaqin o‘tmishdagi yorqin vakillari ishtirokidagi tadbirlar davom etadi.
Bugun, 27 avgust kuni poytaxtimizdagi “Bunyodkor” stadionida ular ishtirokida mahorat sabog‘i, jahon futbol yulduzlari hamda O‘zbekiston futbolining yorqin vakillari ishtirokida o‘rtoqlik o‘yini bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev,
A.Mamadaminov (surat),
O‘zA